Tokioda o‘zbekistonlik vatandoshlar va startap asoschilari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Yaponiyaga tashrif doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyada axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan hamda startaplarni rivojlantirayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, startaplar va AT-mutaxassislar uchun mavjud imkoniyatlar, shuningdek, xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri mamlakatda startap ekotizimining hozirgi holati va rivojlanish dinamikasi, raqamli islohotlar natijalari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvning alohida qismi xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar uchun IT Park Uzbekistan tomonidan yaratilgan imkoniyatlarga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda Yaponiyaning yetakchi xalqaro kompaniyalari va texnologik loyihalarida ishlayotgan yigirmadan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar va startap asoschilari ishtirok etdi. Ular Yaponiya bozoriga kirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida Yaponiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar so‘nggi yillarda O‘zbekiston startap ekotizimida kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va texnologik biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi texnologik va innovatsion hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab oldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA