Paragvay Prezidenti Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi

Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Oliy martabali mehmon 12 dekabr kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Ulug‘ va xayrli maqsadlar yo‘lida ezgu amallari bilan yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarimiz siymosiga bugun dunyo ahli ehtirom ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz o‘tmishi va kelajagiga ishonch timsoli bo‘lgan Mustaqillik monumenti ushbu zaminda ma’naviyatning gultoji bo‘lgan kamolot sohiblari yetishganidan dalolat berib turibdi.
Paragvay Prezidenti Santyago Penya Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yar ekan, Vatan ozodligi, el farovonligining yorqin ifodasi sifatida mag‘rur qad rostlagan majmua qoshida ramziy bosh egib ehtirom ko‘rsatdi.
Yurtimiz tarixi, dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan bobolarimiz ma’rifati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda boshqa rasmiylar ishtirok etdi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA