Prezidentimiz mahalladagi bunyodkorlik bilan tanishdi

26

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Guliston shahri Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini borib ko‘rdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mahallada bir qator ishlar qilindi.

Hududdagi 48 ta ko‘p qavatli uy joriy ta’mirlandi, tashqi qismi bazalt bilan qoplandi. Issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida 18 milliard so‘m hisobiga zamonaviy qozonxona va 3,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi.

Ko‘p qavatli uylarda 23 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatilib, “ёпиқ” tizim tashkil etildi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan hududdagi 800 ta xonadonli 20 ta ko‘p qavatli uyning ichki issiqlik tizimlari qayta tiklandi. 1 ta bog‘cha markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlandi.

Yangi qozonxona qurilishi natijasida 144 ming kilovatt-soat elektr va 627 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Prezidentimiz ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan bu ishlarni davom ettirish, qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerning o‘zida “yettilik” vakillari va nuroniylar bilan mahalla hamda viloyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar xususida suhbat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uylarning tom va fasad qismlarini ta’mirlash, issiqlik ta’minotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash hamda atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.