Jizzax eng jozibador turistik marshrutlardan biriga aylangani aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
– Ilgari avtomobilsozlik deganda hamma faqat Asakani tushunardi. Hamkorlarimiz bilan Jizzaxda ham yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi, – dediPrezidentimiz.
Jizzax politexnika institutining Muhandislik maktabi ochildi. Bu yerda har yili 300 nafar viloyat yoshlari dual ta’lim asosida zamonaviy muhandis bo‘lib chiqadi.
Ushbu institut Vengriyaning mashhur Abuda universiteti boshqaruviga berilib, unda nafaqat avtosanoat uchun, balki elektrotexnika, transport, qurilish va qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligida muhandislar, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Qisqa fursatda Zomin, Forish, Arnasoy tumanlari va Jizzax shahrida 2 milliard dollarlik 500 dan ziyod turizm va servis obektlari ish boshladi. Arnasoy va Zominda 300 million dollar hisobiga 12 oy davomida to‘liq ishlaydigan kurort zonalari ishga tushgani, ularda aeroportlar barpo etilgani natijasida Jizzax eng jozibador turistik marshrutlardan biriga aylandi.
Sakkiz yil oldin Jizzaxdagi ish o‘rinlarining 42 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun 310 mingga yaqin viloyat aholisi sanoat va servis sohalaridagi yuqori daromadli ishlar bilan band.
O‘zA