Toshkentda Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Bugun Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da “Markaziy Osiyo va Shimol mamlakatlari: yangi hamkorlik istiqboli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Finlyandiya delegatsiyasi sifatida tadbirda Prezident Aleksandr Stubb, Parlament deputati, O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi raisi Ville Skinnari, Martti Axtisaari Tinchlik Fondi dasturlar bo‘yicha rahbari Oskar Eronen hamda Davlat rahbari ma’muriyati tinchlik bo‘yicha vositachilik direktori Ville Brummer ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan esa mamlakatning yetakchi davlat va nodavlat tahlil markazlari rahbarlari va vakillari qatnashdi.
Anjuman doirasida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, Shimoliy Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan savdo va investitsiya, energetika, ta’lim, fan va innovatsiya sohalaridagi imkoniyatlar muhokama qilindi. Barqaror rivojlanish va raqamli transformatsiya sohalarida nordik tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

MOXI direktori Javlon Vahobov Xelsinki ko‘p yillik xalqaro vositachilik va qonun ustuvorligi markazi sifatida tan olinganini ta’kidladi. Qolaversa, Finlyandiyaning tinchlik o‘rnatish borasidagi sadoqati Markaziy Osiyo uchun ayniqsa muhimligi, ayniqsa innovatsiya va ta’lim sohasida dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Texnologik jihatdan eng rivojlangan davlatlar qatorida e’tirof etiladigan bu mamlakatning ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish bo‘yicha Markaziy Osiyo ulkan salohiyatga ega.
– Masalan, mintaqa mamlakatlari uchun “yashil” energetika va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi, – deydi J.Vahobov. – Fin davlatining ushbu sohalardagi tajribasi amaliy ahamiyat kasb etadi.
Umuman, mazkur davra suhbati tomonlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” formati doirasidagi amaliy tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun muhim maydonga aylandi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan Martti Axtisaari Tinchlik jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat siyosat, iqtisodiyot va mintaqaviy xavfsizlik sohalarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, o‘zaro tashriflar amalga oshirish va doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek o‘zaro qiziqish uyg‘otuvchi boshqa masalalar bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etishni nazarda tutadi.
Xelsinki shahrida joylashgan, Finlyandiyaning sobiq prezidenti Martti Axtisaari tomonidan tashkil etilgan mamlakatning mazkur yetakchi tahliliy markazi 2000 yil tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Jamoa tinchlik o‘rnatish, nizolarni hal etish va dunyoning turli mintaqalarida barqaror tinchlikni ta’minlash yo‘lida faoliyat yuritadi.
Aziza Alimova, Nosirjon Haydarov, O‘zA