“Uyga begona odam keldi” hazili jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda

125

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan trend – “uyga begona odam keldi hazili” dunyo bo‘ylab yoshlar orasida keng tarqalib, ayniqsa, o‘smirlar orasida virusga aylanib ketdi. Ushbu hazil o‘ziga xos prank (hazil) shaklida namoyon bo‘lib, unga ko‘ra o‘smirlar uyga kirgan begona, chigal sochli erkakning fotosuratlarini, ko‘pincha sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan fotosuratlarni, ota-onalarga yoki uydagi boshqa katta vakillarga yuboradi va “begona odam keldi” degan xabar bilan vahimaga soladi. Bu esa ko‘plab oilalarda tushunmovchilik va vahima keltirib chiqarishi bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda yangi bir “virus” – noto‘g‘ri xabar tarqatib, keraksiz huquq tartibot organlariga murojaatlarni ko‘paytirmoqda.

Mazkur “hazil” yoshlarning o‘yin-kulguga asoslangan ehtiyojlarini to‘ldirsa-da, uning oqibatlari jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, AQSH politsiyasi va boshqa davlatlarning huquq-tartibot idoralari bu hazilni to‘xtatishga chaqirmoqda. Chunki ko‘plab ota-onalar xayoliy xavf yuzasidan favqulodda xizmatlar raqamiga keraksiz qo‘ng‘iroqlar qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat nafaqat huquq-tartibot idoralarining real yordamiga muhtoj bo‘lgan holatlarga vaqtida yetib borishini susaytiradi, balki favqulodda xizmatlar tizimining yukini oshirib, barcha uchun xavfli vaziyatlarni yuzaga keltiradi.

Bundan tashqari, ushbu prank inson sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi haqida ham xavotirlar mavjud. Masalan, qon bosimi baland bo‘lgan yoki yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan insonlar uchun kutilmagan vahima va stress holatlari jiddiy sog‘liq muammolarini yuzaga keltirishi mumkin. Stressning keskin oshishi infarkt yoki insult xavfini oshiradi. Shuning uchun bu kabi pranklar faqat ko‘ngil ochishdan tashqari, jiddiy sog‘liq muammolariga ham sabab bo‘lishi mumkinligi e’tibordan chetda qolmasligi lozim.

Shu bilan birga, pranklarni tarqatuvchi yoshlar ko‘pincha bunday harakatlarni to‘liq anglamaydilar. Bu holatda ota-onalar, maktablar va jamiyatning ijtimoiy institutlari yoshlar bilan samarali muloqot o‘rnatib, ularni ijtimoiy tarmoqlarda mas’uliyatli bo‘lishga, hazillarning me’yorini bilishga o‘rgatishlari muhim. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bunday kontentlarni cheklash va targ‘ibotini kamaytirish uchun tegishli choralar ko‘rilishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, “uyga begona odam keldi” kabi pranklar ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy va salbiy tomonlarini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ushbu trend ortida yoshlarning o‘zini ifoda etish va kulgu yaratish istagi yotgan bo‘lsa-da, uning oqibatlari jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi aniq. Shu sababli, bu kabi zararli pranklarning tarqalishini cheklash va yoshlarni mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish zarur.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA