“Gender tenglik faoli” milliy ko‘rik-tanlovi qanday o‘tkazilmoqda?

100

Senatda “Gender tenglik faoli” milliy ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tanlovning tuman (shahar), viloyatlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) va Toshkent shahar bosqichlari natijalari hamda respublika bosqichiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Tanlov jarayonlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning iyul-sentyabr oylarida hududlarda tanlovning dastlabki bosqichlari yuqori saviyada o‘tkazildi.

Tuman (shahar) bosqichlariga jami 1 ming 460 ariza kelib tushdi. Ulardan 1 ming 118 tasi tanlov nizomi talablariga muvofiq o‘rganilib, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha baholandi. Natijada 455 tashkilot tanlovning hududiy bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari avgust-sentyabr oylarida bo‘lib o‘tdi. Bu bosqichlarda  455 tashkilot faoliyati tanlov nizomi asosida baholandi.

Ishchi guruhlar tomonidan tashkilotlar faoliyati joylarga chiqib o‘rganildi. Natijada 82 tashkilot g‘olib deb topilib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.

Yig‘ilish yakunida komissiya a’zolari tomonidan hududlarda o‘tgan tanlov bosqichi ishtirokchilari hujjatlarini yanada atroflicha o‘rganish, nizom talablariga amal qilinishi holatini joyiga chiqib tekshirish vazifalari belgilandi.

N.Abduraimova, O‘zA