YPX xodimi qanday hollarda transport vositasini to‘xtatishi mumkin?

139

Huquqiy munosabat

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining to‘satdan to‘xtashga sha’ma qilgan harakatini ko‘rib, qaysi qoidani buzgan ekanman, deya o‘ylaymiz.

Xo‘sh, ular asosan qaysi holatlarda avtomobilni to‘xtatish huquqiga ega?

Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Javohir Eshonqulov quyidagicha tushuntirish berdi:

– YPX xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko‘ra, to‘xtatilishi mumkin. Jumladan, haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda, transport vositasi, haydovchi yoki yo‘lovchi qidiruvda ekanligi, yo‘l transport hodisasi yoki boshqa huquqbuzarlikka aloqador ekanligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda to‘xtatishi mumkin.

Yo‘l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganini ko‘rgan haydovchi yoki yo‘lovchidan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zarurati yuzaga kelganda yoki vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarish jarayonida ham transport vositasi to‘xtalishi mumkin.

Transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zarurati yuzaga kelganda, jumladan, chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli bo‘lgan transport vositalari hamda maxsus mo‘ljallangan transport vositalari bundan mustasno.

Shuningdek, maxsus tadbirlarni o‘tkazish jarayonida transport vositasidan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, transport vositasi va olib ketilayotgan yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun maxsus va harbiy yuklar, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, bojxona xizmat tomonidan plombalangan yuklar ham bundan mustasno.

YPX xodimi tomonidan boshqa asoslarga ko‘ra transport vositalarining to‘xtatilishi taqiqlanadi.

Asos: Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomining 6-bandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA