Jamiyatimizda audio kontentning ahamiyati

109

Bugungi texnologiya rivojlangan zamonda kitobga bo‘lgan munosabat ham turlicha. Ijtimoiy tarmoqlarning asosiy quroli bo‘lgan qisqa videoroliklar kishilarda shoshqaloqlik, jizzakilik kabi zararli illatlarning shakllanishiga olib kelayotgani achinarli hol, albatta.

Shu bilan birga, muntazam ravishda telefondan foydalanadiganlarning ko‘rish imkoniyatlari keskin yomonlashayotgani ham bor gap.

Ana shunday hollarda kitobxonlar kitob o‘qish uchun turli qulayliklarga ehtiyoj sezishlari tabiiy. Buni hisobga olgan holda audio kitoblar soni oshib bormoqda. Nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyotining eng durdona asarlari ham ovozlashtirilayotgani quvonarli hol. Eng muhimi, zamonaviy adabiy jarayondan ham uzilish bo‘lmayapti. Kitobxonlar ommasi tomonidan iliq kutib olingan asarlar tezda ovozlashtirilmoqda.

Bir narsani alohida ta’kidlash joiz. Ko‘rish imkoniyati cheklangan kitobxonlar, talabalar uchun ham ilmiy-badiiy adabiyotlarning audio formati yaratilmoqda. Buning uchun turli loyihalar ishlab chiqilib, ko‘plab davlat tashkilotlari xususan, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, jamiyatimizda audio kontent yaratishga bo‘lgan talab yetarlicha. Shuni hisobga olgan holda o‘ziga xos raqobat ham yuzaga kelmoqda. Endilikda tinglovchilar bir kitobni bir qancha ovozda tinglash imkoniga ega bo‘lmoqda. Buning uchun bir qancha mohir suxandonlar jalb qilinib, sifat ham oshib bormoqda.

Sherbek Islomov, O‘zA