Mers dron voqeasi bo‘yicha izoh berdi
Germaniya havo hududida aniqlangan uchuvchisiz uchar qurilmalar jangovar emas, ular josuslik topshiriqlarini bajargan, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers Germaniyaning “ARD” telekanaliga bergan intervyusida.
– Avvalo jamoatchilikni ishontirib aytamanki, bizda qurolli dron bilan bog‘liq birorta ham hodisa yoki amaliyot bo‘lmagan, -dedi u. – Bular josuslik urinishlari xolos. Biz bu borada nima ish qilish kerakligini juda yaxshi bilamiz.
Payshanba kuni kechqurun Germaniya havo harakatini boshqarish boshqarmasi kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan dronlarning bir necha bor kuzatilishi sababli Myunxen aeroportida parvozlarni biroz vaqt cheklab qo‘ydi. “Bild” gazetasining yozishicha, dronlar Erding aerodromidagi “innovatsiya markazi” ustidan ham uchib o‘tgan.
Shanbaga o‘tar kechasi “Reuters” axborot agentligi Myunxen aeroporti 24 soat ichida ikkinchi marta uchuvchisiz samolyot hodisasi tufayli parvozlarni to‘xtatganini xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, ikkinchi voqea 23 ta reysning boshqa tomonga o‘zgarishiga va Myunxenga 12 reysning bekor qilinishiga, shuningdek, aeroportdan 46 ta parvozning keyinga surilishi yoki bekor qilinishiga olib kelgan.
S.Rahimov, O‘zA