Kelajak zamonaviy bilimlarni egallagan barkamol avlodniki bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurdi hamda o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhiga davlat mukofotlarini tantanali topshirdi hamda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Dastlab davlatimiz rahbari tumandagi “Renessans” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ta’lim va yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buning uchun ko‘plab o‘quv muassasalari qurilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Yoshlarga umumiy ta’lim bilan birga iqtidoriga qarab ixtisoslashtirilgan bilimlar ham berilmoqda. Jumladan, 14 ta Prezident maktabi, 201 ta ixtisoslashgan, 2 ta sport va 9 ta ijod maktabi tashkil etildi. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta maktabda ham joriy etildi.
Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida bilimli o‘quvchilarni saralab, xalqaro darajada tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili Fan olimpiadalari markazi, bu yil xalqaro maktab tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun milliy dastur qabul qilindi. Joriy yil dastlab 1,5 ming nafar o‘quvchi saralab olindi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktirildi.
Mazkur “Renessans” oromgohi ushbu tizimning bir qismi bo‘ldi. Bu yerda yoshlar yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Oromgoh 500 ga yaqin o‘quvchini qabul qilish quvvatiga ega. Ma’muriyat, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, oshxona hamda avtoturargohlar tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik sanaladi.
Yozda o‘tkazilgan seminarlarda fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari ishtirok etdi. Bu teng imkoniyatlardan foydalangan o‘g‘il-qizlar bilimini oshirib, kelajagiga mustahkam zamin yaratdi.
Sir emas, ilgari oromgohlarga dam olish va ko‘ngilochar maskan sifatida qaralgan. Endi bunday qarash mutlaqo o‘zgardi. “Renessans” o‘quvchilarning ta’lim, ma’naviyat va innovatsiya maydoniga aylandi.
Prezidentimiz oromgoh xonalaridagi sharoitlarni, yoshlarning ixtirolarini ko‘zdan kechirdi.
STEAM xonalari, samolyot boshqaruvi simulyatori, tabiiy fanlar laboratoriyalari bolalarning qiziqishlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantiradi. Ular kutubxonada bilimini, sport maydonchalarida salomatligini mustahkamlaydi. San’at burchagida san’at, adabiyot yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar qo‘llab-quvvatlanadi. Xushmanzara tabiat, do‘stona muhit yoshlarning kayfiyati, intilishini oshiradi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston universiteti rahbariyati va bitiruvchilari bilan ham muloqot qildi.
– O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, g‘ayrat-shijoati, intilishi kuchli. Biz davlat bo‘lib, millat bo‘lib, sifatli ta’limni ta’minlasak, farzandlarimizga hech kim bas kelolmaydi, ular hamma sohada yetakchi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tanishuv davomida Al-Xorazmiy universiteti kampusi loyihasi taqdimot qilindi. Bu tashabbus zamirida ham yoshlarning bilimli bo‘lishi, iqtidori rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan. Loyihani samarali amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Shu yerda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallimlarni tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Ular orasida o‘z mablag‘i hisobidan maktablar qurgan saxiy tadbirkorlar, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.

Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– Men ko‘plab soha vakillariga unvon, orden va medallar beraman. Lekin ustozlar mukofotlanadigan kunni sog‘inib kutaman. Ko‘ksingizni bezab turgan orden-medallar muborak bo‘lsin. Yurtimizda yuksak mukofotlarga munosib fidoyi muallimlar ko‘paysin, – dedi Prezident.

Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar ta’lim sohasiga e’tibori, ustoz zotiga yuksak hurmati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.
Shundan so‘ng sohani rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda videoaloqa orqali butun respublikamizdan 40 mingdan ziyod ustoz va murabbiylar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishdagi nutqida so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga yetishini qayd etdi.
Ushbu iqtisodiy zamin asosida o‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Prezidentimiz ta’lim sifatini oshirish, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ta’limning barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirish, yoshlar va pedagoglar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar belgilandi.
2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bolalar bog‘chasi yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi. Yaqinda e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar natijasida maktabgacha ta’lim kirib bormagan birorta mahalla qolmaydi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmaydi.
Bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi. Xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham byudjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.
Endi davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliy ta’limda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.
Ta’limning eng uzoq davom etadigan, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir.
Mamlakatimiz aholisi so‘nggi 34 yilda 2 karra o‘sib, 38 milliondan oshdi. Hozirda maktablarda 6,5 million o‘quvchi ta’lim olyapti. So‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar xususiy maktablarda o‘qiyapti.
Endi maktab davrida o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirishga 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi.
Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi.
Davlatimiz rahbari kasbiy ta’lim masalasiga alohida to‘xtaldi. Soha uchun 2026 yil – Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Agentlikning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.
Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinadi.
Shuningdek, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor bu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihon qilinib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilidan Angliyaning “Pearson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BTEC” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.
Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. Endi texnikumlarda “investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida har bir loyiha bo‘yicha dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalar barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.
Umuman, dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Hamkor korxonalarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.
Yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ish topishda chet tillarini bilish juda muhim. Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz qaroriga muvofiq, maktablarda maslahatchi lavozimi joriy qilinyapti. Endi ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo‘yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo‘naltiradi.
Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.
– Bu yangi tashabbuslarimizdan maqsad nima? Har bir yoshni kasb-hunar orqali daromadli qilsak, oilalarning ro‘zg‘ori but bo‘ladi, mahallalarda tinchlik hukm suradi. O‘ylaymanki, bundan ota-onalar ham rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish choralari ham belgilandi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Bu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Bundan texnikumlarning 30 minglik pedagoglar jamoasi manfaat ko‘radi. Ushbu muassasalar direktor va o‘rinbosarlarining oylik maoshi ham oshiriladi. Endi texnikumlarda ham ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
So‘nggi yillarda, ayniqsa, oliy ta’lim qamrovi jadal oshdi. Oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi.
Yangi industrial davr – “to‘rtinchi sanoat inqilobi”ni amalga oshirish uchun dunyoda “texnologik minerallar”ga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi. Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak.
Shuning uchun ilm-fan va biznes vakillarini uchrashtirib, manfaatli hamkorlikda ishlaydigan tizim tashkil etilishi aytildi. Ixtirolarning tajriba-sinov ishlari xarajatlarini qoplashga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Yaqinda ixtirochilar o‘rtasida to‘qqizta yo‘nalishda o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga elektromobil berildi. Ikkinchi o‘rin sohiblari xorijga stajirovkaga yuboriladi, uchinchi o‘rinni egallaganlar esa pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Endi bunday tanlovlar oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ham o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Oliy o‘quv yurtlarida xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. TOP-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ochiladi.
Prezidentimiz ustoz va murabbiylarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham qator tashabbuslarni bildirdi.
Yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.
Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma beriladi.
O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.
Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi.
Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.
Yig‘ilishda o‘qituvchi va talabalar, ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilinib, taklif va fikrlari tinglandi.
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi yangi turizm majmuasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
So‘nggi yillarda hududda infratuzilma rivojlantirilib, yilning to‘rt faslida maroqli sayohat uchun qulay sharoit yaratildi. Amirsoy, Chinorkent, Chorvoq darvozasi kabi ulkan majmualar, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va umumiy ovqatlanish maskanlari ishga tushirildi.
Endi bu safga “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti ham qo‘shiladi. Fransiyaning “MND” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha uchun 1 ming 278 gektar maydon ajratilgan.

Loyiha doirasida mehmonxonalar va dengiz sathidan 3 ming 300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi. Bu to‘liq mavsumiy turizmni ta’minlaydi. Qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi mehmonxona, restoran va savdo majmualarini ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatadi. E’tiborlisi, bu yerda “Wyndham” brendi bilan hamkorlikda malakali boshqaruv yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu nafaqat xizmat sifati, balki mamlakatimiz turizmining xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim sanaladi. Mehmonxonani noyabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Ularda ham xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish nazarda tutilgan. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. Majmuada 100 dan ortiq kishi ishli bo‘ladi. Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda.
Prezidentimiz yangi majmualar qurish va xizmat ko‘rsatishda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, xodimlar malakasini oshirish muhimligini qayd etdi. Hududdagi imkoniyatlarni turizm platformalarida targ‘ib etib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni faol jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham bor. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgan. Bu nafaqat qulaylik, balki turistlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni yaxlit taqdim etish imkoniyatini ham beradi.
Umuman, “Chimyon” umummavsumiy kurorti samarasida xizmat ko‘rsatish sohasida minglab yangi ish o‘rinlari, mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai paydo bo‘ladi. Turistlarga eng zamonaviy xizmatlarni taklif etib, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini sezilarli oshiradi.

Bo‘stonliqda turizm boshqa sohalar bilan uyg‘un tarzda rivojlanib, butun hududning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirayapti. Savdo va xizmatlar turi, transportlar harakati ko‘payyapti. Shu bois umummavsumiy kurort loyihasi doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham qurildi.
Ushbu inshoot tarkibiga uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashina xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.
Yo‘llar qulayligi hududning turizm salohiyatini to‘la ishga solish va iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, tabiatni musaffo saqlash, dam oluvchilarning ekologik madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi.
Bu kabi loyihalar turistlarga qulaylik yaratishi barobarida mamlakatimizning investitsiyaviy va madaniy jozibadorligini oshiradi. Bo‘stonliq bugungi kunda tabiiy go‘zalliklari, zamonaviy majmualari va yuksak xizmat madaniyati bilan ana shunday markazga aylanib bormoqda.
Bo‘stonliq tumaniga tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chimyon mahallasida barpo etilayotgan agrosanoat bog‘ini ham borib ko‘rdi.

Bo‘stonliqda suv mo‘l, yeri unumdor. Bunga asoslanib, turizm va agrar soha uyg‘un rivojlantirilmoqda. Jumladan, Chimyon mahallasida 3 ming gektar maydonda malina, qorag‘at, qulupnay, o‘rmon yong‘og‘i kabi mevalarni yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq. Bu mablag‘ evaziga bog‘lar tashkil etiladi, mevani qayta ishlash korxonalari hamda katta sig‘imli omborxonalar quriladi.
Ayni paytda 50 gektar maydonda malina va qulupnayning xorijiy eksportbop navlari ekilgan. Bog‘ to‘liq tomchilatib sug‘oriladi. Malinaning har gektaridan 400 million so‘m, qulupnaydan esa 500 million so‘mgacha daromad olinadi.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng yiliga 24 ming tonnaga yaqin mahsulot yetishtiriladi. Uning salmoqli qismi – o‘rmon yong‘og‘i va rezavorlar eksportga yo‘naltiriladi. Eng muhim jihati, bog‘larda 12 mingdan ziyod kishi ishli bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari loyihani qo‘llab-quvvatlab, endi qayta ishlashni rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. Buning uchun navni tanlashdan tortib, ishlov berish, mevalarni terish va saralash jarayonlarigacha zamonaviy yondashuv talab etiladi. Bu mahsulotlarning sifati va xaridorgirligini ta’minlab, eksportda ham muhim o‘rin tutadi. Bog‘ yashnab, atrofida korxonalar va turdosh xizmatlar ko‘paygani sari odamlar uzoqqa qatnamay, shu yerda ishlaydi. Qo‘shimcha daromad manbai paydo bo‘lib, hudud iqtisodiyoti rivojlanadi.

Prezidentimiz boshqa adir va yaylovlar imkoniyatini ham o‘rganib, shunday serdaromad bog‘lar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
– Bu bog‘da yerga mehr, sidqidildan qilingan mehnat ko‘rinib turibdi. Natijasi, avvalo, daromad, xalqimizga manfaat. Bu jihatlari boshqa an’anaviy ekinlarga nisbatan bir necha barobar yuqori. Shuning uchun bunday mahsulotlar yetishtirishni ko‘proq odamlarga o‘rgatib, daromadini ko‘paytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaliz RUSTAMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari