Parrandachilik sohasida yangi loyihalar hayotga tatbiq etiladi

“Parrandasanoat” uyushmasi kengashi raisi – “Oʻzsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari Yashin Abdurazzoqov AgriGo Ltd. (Isroil) kompaniyasi prezidenti Anatoliy Mindel, Turkiyaning hamkorlik va koordinatsiya agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Ihsan Chaglar, Rossiya Federatsiyasining Oziq-ovqat xavfsizligi akademiyasi aʼzosi Anatoliy Ksenofontov bilan uchrashdi.
Unda yurtimizga yuqori texnologiyalarga asoslangan parrandachilik fermalarini qurish, tizim xodimlarini malakasini oshirish, ichki va tashqi bozorlarga ekologik toza, xavfsiz parrandachilik mahsulotlarini yetkazib berishni yanada yaxshilash, xonadonlarda kasanachilik usulida parrandachilik mahsulotlari yetishtirish loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, parrandachilik mahsulotlarida oʻzbek brendini yaratishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniyalari vakillari oʻz loyihalari taqdimotini oʻtkazdi. Eslatib oʻtamiz, shu kungacha TIKA Oʻzbekistonda 23,6 million dollar miqdoridagi 700 ta loyihani moliyalashtirgan.
Uchrashuvda Go Ltd. va Oziq-ovqat xavfsizligi akademiyasi vakillari va parrandachilik korxonalari oʻrtasida kengaytirilgan seminar oʻtkazish hamda kelgusida izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishib olindi.
Qayd etish joizki, AgriGo Ltd. yuqori texnologiyali chorvachilik, parrandachilik komplekslarini loyihalash va qurishga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalardan biri hisoblanadi.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA