“Kemalar qabristoni”da festival

Moʻynoq tumanida “Centil Law Film”, “TrendSetter”, “Peopletravel” tashkilotlari tashabbusi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, BMTning Taraqqiyot Dasturi koʻmagi bilan “Stixiya” elektron musiqiy festivali oʻtkazildi. Mazkur festivalga Markaziy Osiyo davlatlaridan, shuningdek, AQSH, Isroil, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan koʻplab sayyohlar, musiqa ixlosmandlari ishtirok etdi.
Festival Moʻynoqda – “Kemalar qabristoni” oldida tashkil qilindi. Turli ranglardagi yogʻdular, musiqiy ovozlar dengiz tomon yoʻnaltirildi.
– Festivalga kutilganidan ham koʻproq sayyohlar tashrif buyurdi. Yaqin davlatlardan velosipedda, mototsiklda kelganlari ham bor, – deydi “Centil Law Film” tashkiloti xodimi Otabek Sulaymanov. – Festivalni oʻtkazishdan maqsad – jahon hamjamiyatining Orol dengizi muammosiga eʼtiborini qaratish. Shuningdek, festivalda yuqori sifatli elektron musiqani targʻib qilishga eʼtibor qaratilgan.
Oʻzbekistonda birinchi marotaba oʻtkazilayotgan mazkur festivalda ishtirok etish bepul boʻlib, keyingi oʻtkaziladigan festivallarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish uchun ehson toʻplashga qaratiladi.
– Bunaqa musiqiy festivali Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor Oʻzbekistonda, aynan Moʻynoqda oʻtkazilmoqda, – deydi “Peopletravel” sayyohlik agentligi xodimi Sanjar Xolmurodov. – Mazkur tadbir har yili oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Agar shunday boʻlsa hududda turizmning rivojiga katta hissa qoʻshishi shubhasiz. Orolni qaytara olmaganimiz oʻta oʻkinchli. Biz yaxshi niyatlarni koʻngilga tuygan holda dengizni suv bilan toʻldirish qoʻlimizdan kelmasa ham ummon tovushlari bilan toʻldirishni niyat qilganmiz.
Tadbirni yoritish uchun xorijiy nufuzli media tashkilotlar vakillari ham tashrif buyurdi.
Fransiyaning “Cinedoc films” kinokompaniyasi prodyuseri Kristian Liliyan ham festivalning hurmatli mehmoni. U Orolning toʻlishidan umidvor ekanligini bildirdi.
Ayni paytda Kristian Liliyan Amudaryo sohilida yashovchi xalqlar haqida filmni tasvirga olmoqda. U Pomir togʻidan to Amudaryoning tugagan joyigacha daryo sohilidagi xalqlar turmushi bilan tanishib kelmoqda. Ular orasida daryodan oltin qidiruvchilar, sholi, paxta va boshqa oʻsimliklar ekuvchilar ham bor. Shuningdek, film syujetiga Orol dengizida artemiya ovlovchilar turmushi ham kiritilgan.
Festival doirasida mehmonlar va mahalliy aholi “Kemalar qabristoni” maydonida piyoda sayil qilib, Moʻynoqda yangidan tashkil qilingan muzeyga hamda Nukus shahridagi I.Saviskiy nomidagi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Yuqori tashkilotchilik va koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilgan tadbir ishtirokchilarda olam-olam taassurot qoldirdi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA