“Oʻzekspomarkaz”da Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga rasmiy tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan “Made in Belarus“ koʻrgazmasi davom etmoqda.

Koʻrgazmada Belarusning 150 dan ziyod kompaniya va korxonasi, xizmat koʻrsatish, ilmiy ishlab chiqarish sohasi vakillari qatnashmoqda.

Jumladan, Belarusning qishloq xoʻjaligi va yoʻl qurilish texnikasi sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilari boʻlmish “Amkodor“, “MAZ“, “MTZ“, “Bobruyskagromash“, “Blyuming“, “Lidagroprommash“, “ZUMLION-MAZ“, “Minsk elektrotexnika zavodi“, “Dorelektromash“, “Remkom“ kompaniyalari oʻz mahsulot va xizmatlarini taklif etmoqda.

Gʻoʻza va qator oralariga ishlov beruvchi “Belarus” traktorlari, “Gomselmash“ texnikalari fermerlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

– Kompaniyamiz 2012 yildan buyon Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetkazib bermoqda, – deydi “Gomselmash“ kompaniyasining savdo-sotiq boʻlimi direktori oʻrinbosari Natalya Terebilo. – Koʻrgazmaga ekin ekish, parvarishlash va hosilni yigʻish mashinalarini olib kelganmiz. Yurtingizga qishloq xoʻjalik texnikasi yetkazib berish boʻyicha qator shartnomalar imzoladik. Kelgusida kompaniyamiz mahsulotlarini shu yerda yigʻish va uchinchi mamlakatlarga eksport qilish niyatidamiz.

“Belarus metallurgiya zavodi“ panjaralar, poʻlat simlar va quvurlar olib kelgan. Ushbu mahsulotlar mustahkamligi boʻyicha yuqori sifat koʻrsatkichlariga ega. Toʻqimachilik, charm-attorlik mahsulotlari koʻpchilikka manzur boʻlmoqda.

Koʻrgazmada Belarusning axborot kommunikatsiya sohasidagi yetakchi kompaniya va firmalari ham ishtirok etmoqda.

Bank toʻlov kartalari, yuridik shaxslar uchun internet va mobil banking xizmatlari, naqd pul boʻyicha murojaatlar, valyuta savdosi, bankomatlarni texnik monitoring qilish tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish haqida soʻz borganda koʻrgazma qatnashchisi, Belarusning “Light Well Organization“ (LWO) IT kompaniyalar guruhini yodga olish zarur.

– Korxonamiz raqamli bank tizimini yoʻlga qoʻyishda qoʻl keladigan ishlanmalarni yaratishda katta tajribaga ega, – deydi LWO kompaniyalar guruhi savdo direktori Sergey Slesarev. – Bank sohasida xatarlarni boshqarish, rejalashtirish va moliyalashtirish, samaradorlikni baholash, hisob-kitoblarni yuritishda aniqlik va tezkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Biz taklif etayotgan raqamli texnologiyalar mijozlarga xizmat koʻrsatishda imkon qadar qulaylik yaratishni koʻzda tutadi. Kompaniyamiz yaqin vaqt oraligʻida mamlakatingizda oʻz vakolatxonasini ochishni rejalashtirgan.

Koʻrgazmada Belarusning ilmiy-texnik, ijodiy, maʼrifiy adabiyotlari, oliy oʻquv yurtlari taʼlim dasturlari, salomatlik tizimi, davolash va sanatoriylari haqida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin. Belaruslik yosh isteʼdod egalari oʻz badiiy chiqishlari bilan sizni bahramand etadi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA