Bolgariya Prezidenti Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi

Mustaqillik monumenti davlatimiz ozodligi va barqarorligi ramzidir. Unda xalqimizning ko‘p asrlik davlatchilik tarixi, buyuk alloma va jahongir bobolarimiz siymolari aks etgan. Monumentning eng yuqori qismida Humo qushi tasvirlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga bordi.
Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohlik qildi. Bolgariya yetakchisi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Rumen Radev ushbu muazzam bog‘ning bunyod etilish tarixi bilan tanishdi. Monumentda aks ettirilgan buyuk allomalar, qahramon sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimiz haqida so‘zlab berildi.
Delegatsiya a’zolari “Yangi O‘zbekiston” majmuasining g‘oyaviy va me’moriy yechimlariga e’tibor qaratdi. Bu yerdagi bog‘ – noyob daraxt va gul-chechaklar, amfiteatr, favvoralar uyg‘unligi e’tirof etildi.
Tashrifning asosiy tadbirlari bugun, 10 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilishi, qator ikki tomonlama bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA













