O‘zbekistonda 1 iyuldan boshlab shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shakli rasman yuridik kuchga ega bo‘ladi. Bu orqali fuqarolar endi qaerga bormasin, original pasport yoki haydovchilik guvohnomasini olib yurishlariga hojat qolmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, my.gov.uz yagona portalidagi shaxsiy elektron hujjatlar bank, notarius, aeroport, vokzal va shunga o‘xshash tashkilotlarda rasman qabul qilinadi.
Bu qaror davlat xizmatlaridan foydalanishni engillashtirish, ortiqcha qog’ozbozlikni qisqartirish va raqamli transformatsiyani tezlashtirish maqsadida joriy etilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, fuqarolar my.gov.uz portalida shaxsiy kabinetiga kirib, pasporti yoki haydovchilik guvohnomasini elektron tarzda shakllantirishi va zarur paytda taqdim etishi mumkin. Bu jarayon foydalanuvchi uchun bepul va qulay shaklda tashkil etilgan.