Vatan taraqqiyoti, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi.

846

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1939-1945 yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida o‘sha yillari dunyoda o‘zining suveren maqomiga ega 74 davlatdan 62 mamlakatdan 127 milliondan ortiq kishi ishtirok etib, shundan 71 milliondan ortig’i hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

Jumladan, sobiq Sovet Ittifoqi tarkibidagi O‘zbekistondan 2 milliondan ortiq fuqarolar ishtirok etib, shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ziyodi kontslagerlarda mislsiz qiynoq va azob-uqubatlar tufayli vafot etgan, 60 mingdan ortig’i nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortig’i uchala darajadagi “Shon-sharaf” ordeniga sazovor bo‘lgani, hech shubhasiz, mamlakatimiz vakillari tomonidan jang maydonlarida ko‘rsatilgan jasoratning yuksak amaliy e’tirofidir.

Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangani, respublikamizdan jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog’, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar etkazib berilgani o‘sha mash’um davrning yana bir unutilmas sahifasini tashkil etadi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g’alabaning 80 yilligi “Vatan taraqqiyoti, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida respublikamiz bo‘ylab keng nishonlandi.

Bayram munosabati bilan Nukus shahridagi “Motamsaro ona” yodgorlik maydoniga davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari yig’ildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi Raisi A.Orinbaev bayram munosabati bilan “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi tuzilmaviy tuzilmalar vakillari, vazirlik, idora, tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ham yodgorlik poyiga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Nukus shahridagi “Vatanparvarlar bog’i”da harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, “Xotira uyi”da ajdodlarimiz jasorati va boshqa ma’lumotlar bilan tanishdi.

Respublikamiz san’at ustalari va Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan Vatanni, shuningdek, urush yillaridagi va bugungi baxtli hayotimizni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.

Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, har yilgidek bu yil ham Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarimizni e’zozlash maqsadida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g’alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g’risida”gi qarori asosida, “Vatan taraqqiyoti, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida bayram tadbirlari o‘tkazilib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSh dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari hamda “Ikkinchi jahon urushidagi G’alabaning 80 yilligi” yubiley medallari topshirilgani muhtaram faxriylarimizga e’tibor va g’amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Urush faxriylari va nogironlari uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Ular o‘z xohishiga ko‘ra sanatoriylarda davolanmoqda.

Ushbu quvonchli kunlarda xalqimiz muhtaram keksalarimiz, urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilib, ularning duolarini olmoqda.

Adilbay Orazov

Qoraqalpog’iston axborot agentligi sharhlovchisi.