Bosh maqsad – aholi turmushini yaxshilash

275

Qoraqalpog’iston Respublikasida so‘nggi yillarda sohalarni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini samarali ishga tushirish, kichik biznesni rivojlantirish, aholi turmushini yaxshilash yo‘nalishida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboeva ushbu yo‘nalishdagi ishlarning borishi, aholini qiynab kelayotgan muammolar bilan tanishish maqsadida respublikamizga xizmat safari bilan keldi.

Tashrifning dastlabki tadbirlari To‘rtko‘l tumanidan boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboevaning Qoraqalpog’iston Respublikasiga tashrifi doirasida To‘rtko‘l tumanidagi Madaniyat saroyida korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalari bo‘yicha yig’ilish o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi Raisi A.Orinbaev, shuningdek, barcha tuman, shahar studiyalaridan videoaloqa orqali soha rahbarlari, mas’ullar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig’ilishda T.Norboeva so‘zga chiqib, Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududlardagi bo‘limlari, Parlament palatalarida ixtisoslashgan qo‘mitalar tomonidan olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi a’zolaridan tuzilgan ishchi guruh respublikamizda bo‘lib, sohalardagi korruptsiya holatlarini o‘rganganida qator kamchiliklar aniqlanganini tanqidiy tahlil qilib o‘tdi.

Yig’ilishda bugungi kunda joylarda korruptsiyaga qarshi kurashish, korruptsiya holatlari va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda sodir etilayotgan jinoyatlar, profilaktik tadbirlarning samarali olib borilmayotgani kabi dolzarb masalalar tanqid qilinib, fikr-mulohazalar bildirildi.

Respublika maxsus ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklar qayd etilib, so‘zga chiqqanlar tomonidan muammolarga keng tarzda to‘xtalib, jinoyatchilikning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha mahallaning o‘zida tizimli ravishda ish olib borilishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Yig’ilishda, shuningdek, o‘z vazifasini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlarning lavozimiga loyiqligi masalasini o‘rganib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

So‘ng Senat Raisi To‘rtko‘l tumanidagi mahalla faollari bilan uchrashdi. Shu maqsadda Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboeva Jo‘qorg’i Kenges Raisi A.Orinbaev va Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov hamrohligida To‘rtko‘l tumanidagi “Beruniy” mahallasiga bordi.

Bu erda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va “ijtimoiy profilaktika” tizimining tashkil etilganligi, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishni ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari”ning ijrosi, shuningdek, og’ir va o‘ta og’ir hamda oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar va mutasaddi idoralar tomonidan ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ko‘zdan kechirildi.

Faollar bilan yaqindan muloqot qilinib, mahallani qizil toifadan chiqarish, fuqarolar turmush farovonligini oshirish borasida fikr-mulohazalar tinglandi.

Oliy Majlis Senati Raisi Beruniy tumaniga ham tashrif buyurib, bu tumandagi aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar bilan tanishdi. Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboeva Jo‘qorg’i Kenges Raisi A.Orinbaev va Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov bilan birga tumandagi “Birlik” mahallasida yashovchi bobo dehqon, namunali tomorqa egasi Yu.Narimbetov xonadonida mehmon bo‘ldi.

Azaldan tajribali dehqonlar yurti bo‘lgan Beruniy tumani mehnatkashlari hali qish yakunlanib ulgurmasdan tomorqalarida bu yilgi mavsum uchun tayyorgarliklarni boshlab yuborgan. Yu.Narimbetov tomorqasidan yiliga uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘ygan shunday insonlardan biri. U 31 sotix erdagi issiqxonalarida sabzavot, poliz ekinlari ko‘chatlarini etishtirib, respublikamizning barcha tumanlariga, shuningdek, Buxoro, Xorazm viloyatlariga ham etkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. Kutilayotgan natijalari ham mehnatiga yarasha – bu yil tomorqasidan 500 mln. so‘m daromad olishni rejalashtirilgan. Mavsumiy 10 nafar ishchining ham bandligi ta’minlangan.

Senat Raisi dehqon bilan yaqindan muloqot qilib, uning nafaqada bo‘lishiga qaramay hali mehnatsevarlik bilan tomorqasida ishlarni samarali tashkil etgani ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Senat Raisi “To‘qimachi” mahallasidagi “RAYHON APPAREL” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Umumiy loyiha quvvati 28,5 mlrd. so‘m bo‘lgan korxonada yiliga 5 mln. dona 15 turdagi trikotaj kiyim-kechaklar tikiladi. Mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilib, ayni paytda 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboeva korxona ishchilari, shuningdek, bu erda malaka oshirayotgan qizlar bilan yaqindan muloqot qildi.

Senat Raisi Nukus shahrida yoshlar bilan uchrashib, shundan so‘ng sumalak saylida ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi T.Norboeva Qoraqalpog’istonlik yosh velosportchilar bilan uchrashdi.

Yoshlar bilan uchrashuvda bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori sportni rivojlantirish, yurtimiz bayrog’ini dunyoga tanitadigan sportchilarni etishtirib chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi Qoraqalpog’iston bo‘limiga Prezident sovg’asi – maxsus avtotransport, bir guruh yoshlarga sport velosipedlari topshirildi.

Qoraqalpog’istonga tashrifi davomida Senat Raisi T.Norboeva Jo‘qorg’i Kenges Raisi A.Orinbaev va Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov bilan birgalikda Nukus shahridagi Boz ovul mahalla fuqarolar yig’inida joylashgan mahalla servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Uy sharoitida daromad topish borasida tashkil etilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, mahalla faollari bilan aholi bilan hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

Senat Raisi shundan so‘ng hudud aholisi bilan yaqindan muloqot qilib, yurtimizda keng nishonlanayotgan, bag’rikenglik va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z bayrami doirasida sumalak saylida ishtirok etdi va o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi.

Tashrif doirasida korruptsiya holatlarining oldini olish va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham keng muhokama qilindi. Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboeva Vazirlar Mahkamasida tashkil etilgan Ijtimoiy-siyosiy vaziyat shtabi faoliyati, shuningdek, korruptsiyaning oldini olish borasida raqamlashtirish ishlarining olib borilishi bilan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, maxsus shtab tomonidan bugungi kunda xalqimizning bevosita kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan masalalar, uchrayotgan turli muammolar doimiy ravishda o‘rganib borilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu muammolar nazoratga olinmoqda va echimini topish bo‘yicha tegishli choralar o‘z vaqtida ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, ta’lim, bozor xizmatlarini ko‘rsatish kabi ayrim sohalarda uchrayotgan korruptsiya holatlarining oldini olish maqsadida raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, bu borada zarur chora-tadbirlarning olib borilishi, shuningdek, korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha Hududiy kengash tomonidan maxsus ishlab chiqilgan yangi platforma, qonun hujjatlari bilan bog’liq maxsus takliflar taqdimoti o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilab olingan ustuvor vazifalarni amalga oshirish masalalari faol xotin-qizlar va mutasaddilar ishtirokida keng muhokama qilindi.

O‘tkazilgan tadbir davomida yillar davomida hujjatlari yo‘qligi sababli turmush qiyinchiliklariga duch kelib yurgan respublikamiz hududida doimiy yashab kelgan 31 nafar fuqaroga Prezidentimiz farmoni bilan fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlari topshirildi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi.