Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, amaliyotda qarzdor tomonidan kredit (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarilmaganda kreditorning (bankning) garov bilan ta’minlangan talablarini suddan tashqari tartibda garov mulkiga qaratish, garovga oluvchining garov predmetiga bo‘lgan huquqlari ustuvorligini ta’minlashda bir qator muammolar mavjud.

Xususan, mol-mulkni garovga olishda boshqa shaxs roziligi yoki organning ruxsati olingan bo‘lsa, garovga oluvchining mazkur mol-mulk garovi bilan ta’minlangan talablari faqat sud tartibida qanoatlantirilishi belgilangan. Shu bilan birga, ipotekaga oluvchi talablarini ipoteka hisobidan suddan tashqari tartibda qanoatlantirish tugallangandan so‘ng qarzdor majburiyatining qoplanmagan qismini qarzdorning boshqa mol-mulki hisobidan so‘ndirish huquqining yo‘qligi qarzdorliklarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotining rivojlanishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlash, garovga qo‘yilgan mol-mulkni auksion orqali sotish tartibini takomillashtirish hamda mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mol-mulkning boshlang‘ich sotuv narxini bozor qiymatidan kelib chiqib belgilash, shuningdek, garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Mol-mulkni garovga olishda boshqa shaxs roziligi yoki organning ruxsati olingan bo‘lsa, garovga oluvchining mazkur mol-mulk garovi bilan ta’minlangan talablarini sudgacha qanoatlantirish tartibi belgilanmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kreditorlarning garov mulkiga nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish hamda kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushining kamayishiga xizmat qiladi.

M.Komilova,

O‘zA