Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzurida alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi va Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda sarflanadi.
Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 25 million AQSH dollari miqdoridagi bir martalik beg‘araz to‘lovi;
xalqaro, xorijiy va mahalliy tashkilotlarning grantlari va homiylik mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi:
Muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish;
tahliliy materiallarni tayyorlash va tadqiqotlarni o‘tkazish uchun grantlar ajratish;
ekspertlik, tadqiqotga oid va boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchi mahalliy va xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar xizmat haqi uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
tahlil va tadqiqot yo‘nalishida tuzilgan vaqtinchalik loyiha guruhlari faoliyatini moliyalashtirish;
ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish;
tahlilchilar va mutaxassislarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish;
nashrlar, adabiyotlar, ma’lumotlar bazalari va tadqiqotlar natijalarini tayyorlash va xarid qilish hamda ularga obuna bo‘lish;
ilmiy-tadqiqot sohasidagi konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish hamda ularning ishida ishtirok etish xarajatlarinish;
Muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa xarajatlarni qoplash.
Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zA