Senatda fuqarolar va tadbirkorlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga oid qonunlar ko‘rib chiqildi

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
“Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun muhokama qilindi.

Mazkur qonun bilan amaliyotga jismoniy shaxslar bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni olib tashlashga bo‘lgan huquqlar, ularni kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari, kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimi tuzganligi uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani aytib o‘tildi.
“Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun esa tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va biznesni moliyalashtirishning samarali vositalarini joriy etish, faktoring bo‘yicha zamonaviy qonunchilik bazasini yaratish, faktoring operatsiyalarini rivojlantirish va tatbiq etishga xizmat qilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va valyutani tartibga solish liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Majlis yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA