Jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng samarali usuli jinoyatlar sodir etilishining oldini olishdir

369

Mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlari yaratilmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan seminarda shu haqda so‘z yuritilib, jinoyatchilik bo‘yicha «qizil» toifadagi hududlarda vaziyatni barqarorlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati ham batafsil tushuntirildi.

Tadbirda joriy yil 23-25 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Senatning 3-yalpi majlisida ko‘rilgan huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiluvchi bir qator qonunlar ko‘rib chiqilgani va ma’qullanganiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Seminar hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan deputatlik nazoratini olib borish hamda ushbu yo‘nalishda doimiy komissiyalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘lgani uchun “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunining qator normalari mazmun-mohiyatiga ham e’tibor qaratildi.

Jumladan, 131-moddasida Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari kengashlari oldida hisobdorligi qayd etilgani aytib o‘tildi.

Biroq, ayrim mahalliy kengashlarda 2023-2024 yillarda ichki ishlar organlari hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitishda rasmiyatchilik va yuzaki munosabatga yo‘l qo‘yish holatlari hamkuzatilgani tanqid qilindi.

Senatorlar, mahalliy kengashlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari, a’zolari hamda kotibiyat mudirlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosarlari hamda tumanlar va shaharlar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda kelgusida bunday xato va kamchiliklarga barham berish zarurligi ta’kidlandi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tajribasidan kelib chiqqan holda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hisobotlarini eshitishda qo‘shimcha ravishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

N.Abduraimova, O‘zA