O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) vakillarining Tojikistonga ilmiy-tadqiqot safari uyushtirildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasining Dushanbedagi elchixonasi ko‘magida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Milliy fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa davlatlarini o‘rganish instituti, Rossiya – Tojikiston (Slavyan) universitetining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi, “Tahlil“ tahliliy tuzilmasi ekspertlari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlarda mamlakatlarimiz hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi ikki tomonlama munosabatlarning ittifoqchilik xususiyatiga to‘liq mos ravishda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlar oliy rahbariyati va hukumatlari darajasida ishonchli muloqot shakllanib, tobora chuqurlashib bormoqda. 2016 yildan boshlab ikki davlat rahbarlari 30 martadan ortiq uchrashgani, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ikki tomonlama tovar ayirboshlashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, so‘nggi 7 yilda o‘zaro savdo hajmi 197 million dollardan 757 million dollarga yetdi.

Ekspertlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini alohida ta’kidladi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘llari hamda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari va asosiy omillarini aniqlash masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvlar kun tartibida mintaqaviy barqarorlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlik masalalari ham o‘rin oldi.

Ekspertlar o‘rtasidagi suhbatning yana bir mavzusi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarining muhokamasi bo‘ldi. Tahlilchilar mintaqa davlatlari rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik makoniga aylanganini alohida qayd etdi.

Mintaqaviy hamkorlikning barqaror dinamikasi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘tgan o‘n yillikda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom eti6, 2 foizni tashkil etdi. Bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (2,6 foiz) ikki barobar ortiq degani. 2016 yildan buyon mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsuloti 60 foizga oshib, 2023 yil oxiriga kelib 450 milliard dollarga yetdi.

Markaziy Osiyo global iqtisodiy munosabatlarning tobora muhim ishtirokchisiga ham aylanib bormoqda. Oxirgi 7 yil ichida uning tashqi savdo hajmi ikki barobardan ziyod oshib, qariyb 232 milliard dollarga yetdi. Mintaqa ichidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobarga (2,4 milliard dollardan 11 milliard dollarga) oshdi.

Ushbu omillar mintaqadan tashqaridagi sheriklarning Markaziy Osiyoga qiziqishini oshirmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro munosabatlarda yagona aktor sifatida yuksalishi kuzatilmoqda. Buning natijasi “MO+“ dialog formatlarida namoyon bo‘ladi. Bugungi kunda 10 dan ortiq shunga o‘xshash muloqot platformalari mavjud bo‘lib, ulardan 6 tasi so‘nggi 5 yil ichida yaratilgan.

Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlarining sa’y-harakatlarini yanada jipslashtirish muhimligini ta’kidladi. Bu esa mintaqaning ichki va tashqi tahdidlarga bardoshliligini oshirish hamda paydo bo‘layotgan yangi imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Shu bilan birga, muzokaralar davomida O‘zbekiston va Tojikiston “aql markazlari“ o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma tadbirlarni tashkil etishda ikki tomon ham manfaatdor ekanliklarini bildirdi. Ittifoqchilik munosabatlarining barcha yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari belgilandi.

O‘zA