Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish davomida sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sport va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha muhokamalarda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritildi. Ayrim asosli takliflar byudjet va soliq tizimlarini takomillashtirish jarayonida inobatga olingani aytib o‘tildi.

Xususan, fraksiyalar a’zolarining bir qator taklif va tavsiyalarini hisobga olgan holda qonun loyihasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolarining taklifiga muvofiq og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam ko‘rsatish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shimcha 35,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan berilgan takliflarga asosan kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish hamda badiiy havaskorlik jamoalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan madaniy dasturlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha 40 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olish kabi muhim vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishi uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha bergan takliflari asosli deb topilib, qo‘shimcha 3,1 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

O‘zXDP fraksiyasining taklifga muvofiq respublikada milliy malaka tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, malakaga bo‘lgan talablarni huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish maqsadida Qambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qo‘shimcha 10,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Ekologik partiya fraksiyasi tomonidan berilgan takliflarga ko‘ra,  “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi sa’y-harakatlar uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Bundan tashqari, fraksiya a’zolarining taklifiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rmonchilik sohasi ilmiy-tajriba stansiyasini tashqil etish xarajatlar uchun qo‘shimcha 9,5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA