Toshkentda BMT Narkotik va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi dasturi doirasida ballistik ekspertiza bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etildi.
Aytib o‘tish kerakki, BMT Narkotik va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining “2023-2025 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi sud-ekspertlik muassasalarining salohiyatini mustahkamlash – Faza-III” dasturi amalga oshirilmoqda.
Dasturga muvofiq, 2024 yil 2-6 dekabr kunlari ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalari va boshqa davlat sud – ekspertiza muassasalarining ekspertlari “Qurol va uning tarkibiy qismlarining ballistik ekspertizasi” mavzusida Litva politsiyasi mutaxassislari ishtirokida Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining ballistik laboratoriyasida malaka oshiradi.
O‘quv dasturiga muvofiq, amaliy o‘quv mashg‘ulotida yaroqsiz yengil avtotransportni turli xil o‘qotar qurollardan otib, avtotransportning kapot, eshik, oyna va o‘rindig‘ida o‘qdan qoldirilgan izlar bo‘yicha yo‘nalishi va masofasini aniqlash o‘rgatiladi. Shuningdek, hodisa joyini dron orqali ko‘zdan kechirishning o‘ziga xos usul va vositalari ko‘rsatib beriladi.
O‘quv kursining ochilish marosimida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori o‘rinbosari Sh.Qayumov, Toshkentdagi AQSH elchixonasining “INL” loyihasi rahbari Neyt Rettenmayer, BMT Narkotik va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining mintaqaviy vakolatxonasi vakili M.Sultonov, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshlig‘i S.Nuriddinov ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv kursi o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasi va ularni qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish va fosh etishda xalqaro standartlarga muvofiq ashyoviy dalillar bo‘yicha isbotlov bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA