Mulk daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlangan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda partiya elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatiga xizmat qiladigan bir qancha yangi normalar aks etganiga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratildi.
Bosh qomusimizda mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlangani, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlandi. Mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlandi. Bu iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda yangilangan Konstitutsiyamizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, aholining ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirish, har kim uy-joyga ega bo‘lishini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator normalar aks etgani haqida so‘z yuritildi.
Deputatlar Bosh qomusimizda belgilab berilgan bu kabi normalar mazmun-mohiyatini xalqimizga aniq va sodda tarzda tushuntirish lozimligini qayd etib, bu bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA