Shu yil 22 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, 2025 — 2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlandi. Mazkur dastur doirasida bir qator vazifalarni amalga oshirish belgilab berildi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan mazkur qaror mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil qilindi. “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK ishchi-xodimlari qatnashgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Mavluda Ibragimova tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va ushbu qarorda ko‘zda tutilgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

— Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti. Ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash va uning oldini olish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molik. Bu borada ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilishga doir davlat dasturi tasdiqlangani ahamiyatli bo‘ldi.

Ushbu hujjatga xalqaro klinik amaliyotlar asos qilib olingan. 30 yoshdan boshlab ayollar inson papillomasi virusiga test topshirishi, 30–65 yoshdagi ayollar 2 yilda bir marta birlamchi tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilangan. Har bir ayol elektron ro‘yxatga kiritiladi va har qanday xavfli o‘zgarishlar aniqlanganda tizimda «yo‘qolib qolmaydi». Onkologik kasallik aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash xarajatlari byudjet hisobidan moliyalashtiriladi, — dedi deputat.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur vazifalar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ham belgilangan. Jumladan, partiya dasturiga ko‘ra, xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida 40 yoshdan oshgan ayollar uchun tegishli davriylikda tibbiy ko‘rikdan o‘tish joriy qilinadi.

Tadbir davomida xotin-qizlar salomatligini asrashda, avvalo, ularning tibbiy madaniyatini yuksaltirish lozimligi haqida ham so‘z bordi. Shuningdek, ishtirokchilar ham o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

M.Komilova,

O‘zA