Sog‘liqni saqlash muammolarini hal etishda farmatsevtika sohasidagi xalqaro hamkorlik ham samarali va innovatsion yechimlarni taqdim etib boradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Yaponiyaga tashrifi doirasida “Tokio farmatsevtika va hayot fanlari universiteti” va “Orihiro Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Tokyo University of Pharmacy and Life Sciences” universiteti prezidenti Mimaki Yosixiro bilan bo‘lgan uchrashuvda “Tashkent Pharma Park” klasteri hududida o‘z faoliyatini boshlangan Farmatsevtika texnik universiteti haqida batafsil ma’lumot berildi. Muhokamalar davomida universitetlararo hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, almashinuv dasturlarini joriy qilish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlarini o‘rganish va Yaponiyada PhD darajasini olishni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deyiladi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.

Ma’lumot uchun: “Tokyo University of Pharmacy and Life Sciences” universiteti 1880 yilda Yaponiyada farmatsevtlarni tayyorlash uchun birinchi xususiy ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilgan va farmatsevtika yo‘nalishidagi universitetlar reytingida yuqori o‘rinni egallaydi. 140 yillik tarixi davomida bitiruvchilari soni 41000 nafarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Abdulla Azizov Gunma prefekturusida joylashgan “Orihiro Group” kompaniyasining boshqaruvchi direktori Jinichi Tomita bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida mamlakatimizda, shu bilan birga, MDH davlatlarida davolashning profilaktik usuli ahamiyati ortib borayotgani sababli yuqori sifatli biologik faol qo‘shimchalarga bo‘lgan talab o‘sib borayotganini ta’kidladi. Mahalliy bozor ehtiyojlarini qondirish maqsadida kompaniya mahsulotlarini yurtimizda yuqori standartlar asosida ishlab chiqarish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik taklifi ilgari surildi. Kompaniya vakillari tomonidan ushbu taklif o‘rganilib, mahalliy hamkorni tanlash borasida kelishuvga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Orihiro Group” – 1972 yilda tashkil etilgan, biologik faol qo‘shimchalar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini aseptik to‘ldirish va qadoqlashning ilg‘or texnologiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Yaponiyaning yetakchi kompaniyalaridan biridir.

M.Hojiakbarova, O‘zA