O‘zbekiston – Tojikiston: o‘zaro ishonch vamadaniy hamkorlik yanada mustahkamlanadi

O‘zbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, mushtarak ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi. Ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq deya ataladigan o‘zbeklar va tojiklar azaldan qon-qardosh bo‘lib yashab kelgan, bir daryodan suv ichgan, bordi-keldi qilgan.

Bugun ham yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro hurmat an’analari mamlakatlarimizning barcha sohalardagi hamkorligi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Toshkent shahrida 2 avgust kuni Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda boshchiligidagi ushbu mamlakat do‘stlik delegatsiyasi tashrifi doirasida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Tojikiston: madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari” mavzuidagi davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.

Tadbirda ikki mamlakat parlamenti deputatlari, vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, madaniyat, ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga va mehmonlarga yo‘llagan qutlovini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi ikki yil ichida o‘zaro aloqalarda ijobiy ruh kuzatilmoqda. Bunda davlatlarimiz rahbarlarining doimiylik kasb etgan muloqotlari, ushbu uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki qardosh xalq manfaatlaridan kelib chiqib, barcha sohalardagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Bu boradagi hamkorlik aloqalari tadbir doirasida namoyish etilgan “Yagona osmon ostida” hujjatli filmida ham o‘z aksini topdi.

O‘tgan yili mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida aviatashuvlar, temir yo‘l qatnovi tiklandi. Samarqand – Panjikent oralig‘ida xalqaro avtomobil yo‘li ochildi, O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.

So‘nggi bir yarim yil O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralar uchun ham samarali bo‘ldi. Toshkent va Dushanbe o‘rtasida savdo bitimlari va shartnomalarni tuzish, o‘zaro aloqalarni kengaytirish imkonini bergan milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari va biznes-forumlar tashkil etildi. Bu kabi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini berayotgan yuqori saviyadagi tadbirlar ikki tomon uchun birdek manfaatli kechmoqda.

– Davlatlarimiz rahbarlarining intilishlari tufayli rivoj topayotgan munosabatlar mamlakatlarimizning xalqaro maydondagi salohiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligini oshirish imkonini bermoqda, – dedi Tojikiston Respublikasi parlamenti deputati Mirali Do‘stizoda. – Tojikiston do‘stlik delegatsiyasining tashrifi doirasida tashkil etilayotgan yuqori saviyadagi muloqotlar mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohadagi munosabatlarni izchil rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha mamlakatlarimizning qat’iy azmu shijoatini namoyish etmoqda.

Davra suhbati ishtirokchilari o‘zbek va tojik xalqlarining o‘xshash urf-odat va san’ati mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy muloqot shakllarini topish, yutuqlar bilan almashishga doim imkon berganini alohida qayd etdi. O‘tgan yili Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari va O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishdagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Anjumanda ijtimoiy sohadagi hamkorlik borasida fikr almashildi. Qayd etilganidek, hozirgi kunda O‘zbekiston bilan Tojikistonning ilmiy muassasalari, o‘quv yurtlari, ommaviy axborot vositalari, ijodiy jamoalari o‘rtasida aloqalar faollashdi. Xotin-qizlar tashkilotlari, kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorlikka qaratilgan munosabatlarni rivojlantirmoqda. Tadbirda mavjud salohiyatdan kelib chiqib, ta’lim, ishlab chiqarish, ilm-fandagi yutuqlar va tajribalarni almashish bo‘yicha muloqotlarni jadal yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil bahorda Tojikistonga davlat tashrifi doirasida qator tarixiy hujjatlar imzolandi, – deydi tojikistonlik olima Lutfiya Rajabova. – Ushbu hujjatlarda xalqlarimizning asriy orzu-intilishlari, azmu shijoati aks etgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sabab chegaralar ochildi, bordi-keldilar tiklandi, to‘y-tantanalar yana birga o‘ta boshladi. Tojikiston do‘stlik delegatsiyasining ushbu tashrifi yangilangan munosabatlarimizning yana bir ifodasidir. Xalqlarimiz o‘rtasida bunday do‘stona bordi-keldilar bardavom bo‘laversin.

Tadbirda Tojikiston fuqarolarining O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz safarda bo‘lishini huquqiy jihatdan kafolatlagan bitimning Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tasdiqlangani yuqori baholandi.

– Mamlakatlarimizning boy madaniyati, milliy hunarmandchiligi, tarixiy shaharlari, so‘lim tabiati doim sayyohlar e’tiborida bo‘lgan, – dedi Tojikiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Shirin Amonzoda. – Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviatashuvlar tiklanishi mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar almashuvi, sohada o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishga zamin yaratmoqda. Vizasiz tartib joriy qilinishi natijasida Tojikistonga kelgan o‘zbekistonlik sayyohlar soni joriy yil 6 oyida 387 mingdan ziyodni tashkil qildi. Tojikiston fuqarolari ham O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, yurtingizning boy tarixi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Tadbir so‘nggida ilm-fan sohasidagi aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash tizimida yo‘lga qo‘yilgan tajriba almashinuvlari yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shu kuni Tojikiston delegatsiyasi tashrifi munosabati bilan Xalqaro press-klubda “O‘zbekiston – Tojikiston: davlatlararo hamkorlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlar” mavzuida tadbir tashkil etildi.

Ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, ilmiy doira vakillari, adabiyot, san’at va madaniyat namoyandalari ishtirok etgan tadbirda xalqlarimizning ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalarimazkur sohalarda rivoj topayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi davri haqida so‘z yuritildi.

Anjumanda soha mutaxassislari jurnalistlarning kelgusidagi hamkorlik istiqbollariga oid savollariga javob qaytardi.

Mehmonlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib, ular faoliyati, yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Ikki mamlakat ilmiy va akademik doiralari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA