Ma’lumki, 27 oktyabr kuni mamlakatimizda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Yurtimizda kechgan mazkur muhim siyosiy jarayonni mahalliy ommaviy axborot vositalari qatori xorijiy davlatlardan kelgan ko‘plab hamkasblarimiz ham keng yoritib bordi. Eng muhimi, ular bu galgi saylovlar Yangi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, saylov qonunchiligiga ilg‘or xalqaro tajribadan foydalangan holda kiritilgan, demokratik tamoyillarga mos tarzda shakllantirilgan tizim asosida o‘tkazilganini e’tirof etishdi.

Intesar Abdulla, Saudiya Arabistoni “Neprass” yangiliklar elektron nashri bosh direktori:

– O‘zbekistondagi qator konferensiyalarda ishtirok etganman, ammo saylov jarayonini kuzatishda ilk bor qatnashdim. Meni hayratga solgan jihatlardan biri elektron saylov tizimi yo‘lga qo‘yilganidir. Fuqarolar uchun qulay imkoniyat yaratgan ushbu yangi tizim demokratik davlatdagi shaffoflikning yorqin namunasi, deb bilaman. Saylov uchastkalari ko‘plab davlat maktablarida tashkil etilganini ko‘rdim. Bu o‘quv maskanlari yangicha, zamonaviy qiyofada ekani kishini xursand qiladi. Shuningdek, men saylovgacha bo‘lgan debatlarda qatnashib, jonli muloqot va muhokamalarni kuzatish imkoniga ega bo‘ldim.

Yeshi Seli, “The New Indian Express” gazetasi (Hindiston) siyosiy sharhlovchisi:

– Hindiston va O‘zbekiston mustahkam tamaddunlar osha davom etib kelayotgan tarixiy va siyosiy mushtarak aloqalarga ega. Xalqlarimiz asrlar osha sayqal topib kelayotgan do‘stlikni doim qadrlagan. Yaqinda Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti doirasida Bosh vazir Narendra Modi va Prezident Shavkat Mirziyoyev samarali ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi, O‘zbekiston mazkur yirik tuzilmada hamkor davlat maqomini oldi. Ta’kidlashim joiz, so‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlarimiz turli muhim sohalarda jadal rivojlanmoqda. Men guvohi bo‘lgan bu yilgi saylovlar mavjud rishtalarni yanada mustahkamlashiga aminman.

Gregor Shpitsen, “Berliner Telegraph” jurnali (Germaniya) muxbiri:

– Germaniya va O‘zbekiston aloqalari oxirgi yillarda misli ko‘rilmagan yuqori bosqchga ko‘tarildi. Bu yaqin, do‘stona munosabat joriy saylov davrida ham yaqqol ko‘zga tashlandi.

Ma’lumki, O‘zbekicton o‘z tarixida ikki bor uyg‘onish davrini boshdan kechirgan. Bugun esa Uchinchi Renessans bo‘sag‘asida turibdi. Bu zaminda tarixan davlatchilik rivojlangan, ilm-fan, san’at va madaniyat gullab yashnagan.

Mamlakat 2016 yil o‘z oldiga ulkan strategik maqsad, ya’ni haqiqiy demokratiya va rivojlangan parlamentarizm tamoyili asosida Yangi O‘zbekiston bunyod etish vazifasini qo‘ygan.

Bu jarayonda Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yilmoqda. Ilm-fanni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalar orqali kuchli iqtisodiy taraqqiyotga, xalq farovonligini tubdan yaxshilashga erishish maqsad qilingan. Bu borada fuqarolar konstitutsiyaviy huquqini kafolatlaydigan tizimning qonuniy asosi yanada mustahkamlandi. Jumladan, Saylov kodeksiga xalqaro normalar va rivojlangan davlatlarning demokratiya sohasidagi eng yaxshi tajribasiga mos tamoyillar kiritilgani yuz bergan asosiy ijobiy o‘zgarishlardan biridir. Xullas, joriy parlament saylovida kiritilgan yangiliklar iqtisodiy rivojlangan, demokratik kuchli davlat qurishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Imoduddin Hasan Ahmad Muhammad, “Al-Shuruq” gazetasi (Misr) bosh muharriri:

– O‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonda umumxalq referendumi o‘tkazilib, shu asosda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinib, kuchga kiritilgan edi. Shundan so‘ng mamlakat saylov qonunchiligiga ham ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar kiritilib, Saylov kodeksi yaratildi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatar ekanman, O‘zbekistonda demokratik islohotlar samara berayotgani, saylovchilar faolligi yuqori ekaniga  guvoh bo‘ldim. Masalan, Farg‘ona viloyatida e’tiborimni tortgan jihat – shahar va tumanlardagi  tozalik, ozodalik,  ko‘chalardagi tartib,  odamlarning xushmuomalaligi, hamjihatligi va samimiyligi bo‘ldi. Yangi bunyod etilgan maskanlar, ayniqsa “Ekoshahar” menda iliq taassurot qoldirdi. Misr taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma Ahmad Al-Farg‘oniy yurtiga tashrif buyurganimdan, bu zamin odamlari bilan suhbatlashganimdan cheksiz xursandman.

Ibrohim Al-Hodiy, O‘monning “Ar-Raya” nashri jurnalisti:

– O‘zbekiston parlamenti saylovida elektron ovoz berish orqali 20 millionga yaqin kishi ishtirok etdi. Umuman, “Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tgan saylovda “E-saylov” axborot tizimi ishga tushirilishi muhim ahamiyatga ega. Ya’ni, bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talabiga mosligi bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniga, fuqarolar esa zarur axborot olishda ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, tizimning afzalligi to‘la namoyon bo‘lgan.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA