Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shaharlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, tadbirkorlik uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan.

Ayni paytda mazkur ishchi guruh ushbu hududda mahalliy aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka ko‘maklashish va kambag‘allikni qisqartirishda salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

Toshkent shahar soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, ishchi guruh boshlig‘i Jahongir RAJABOV bilan suhbatimiz ana shu tadbirlar natijasi haqida bo‘ldi.

– Jahongir aka, mazkur ishchi guruhning asosiy vazifasi nimadan iborat va qanday ish olib bormoqda? 

– Ishchi guruh mazkur hududda 3 sentyabrdan o‘z faoliyatini boshlagan va 25 dekabrga qadar bu yerdagi har bir soha, aholining turmush tarzi, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi.

Ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishchi guruh Qoraqalpog‘istonning barcha tuman va shaharlarida aholi turmush darajasini yaxshilash, bandlikni oshirish va tadbirkorlik faoliyati uchun sharoit yaratish yo‘lida harakat qilmoqda. Bunda har bir xonadonni doimiy daromad manbaiga ega qilish asosiy maqsadlarimizdan.

Shu sababli, har bir mahalladagi aholining iqtisodiy ehtiyojlarini o‘rganib, ularni qo‘llab-quvvatlash ishlarini olib boryapmiz.

– Ushbu ishlar doirasidagi amaliy chora-tadbirlardan namuna keltira olasizmi? 

– Joriy yilning sentyabr oyida ishchi guruhimiz Nukus shahrida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Masalan, “Bo‘z ovul” mahalla fuqarolar yig‘inidagi o‘nta oila parrandachilik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi. Ammo ular tovuq boqish uchun zarur sharoitlarga ega emas edi. Shu bois mahalladagi ustaxonada maxsus kataklar tayyorlash ishlarini yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. Bu oilalar parrandachilikni yo‘lga qo‘yishi natijasida o‘z daromadini oshirishi kutilmoqda.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda  hududdagi ijtimoiy reyestrdagi oilalarni uy sharoitida daromad manbaiga ega qilish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi. Bunda aholining asosiy qismi tomorqalarida sabzavot yetishtirish, chorva  va parrandachilik bilan shug‘ullanishidan kelib chiqib, ulardagi taklif va muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.

– Tadbirkorlar uchun qanday imtiyozlar yaratilmoqda? 

–Ishchi guruh tomonidan Nukus shahridagi 71 ta mahallaga “Sayxunobod”, “Uychi”, “G‘ijduvon”, “Zarbdor” tajribalarini amaliyotga joriy etish uchun uchrashuvlar grafigi tasdiqlangan. Unga asosan  “Darbend”, “Temir jol”, “Bereket” va “Guzar” MFYlarida uchrashuvlar o‘tkazilib, aholi va tadbirkorlar bilan muammo va takliflar muhokama qilindi hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Biz tadbirkorlarni ham qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Masalan, “Fantom Nukus” xususiy korxonasi rahbari Dmitriy Ivanov suv chiqarish uchun burg‘ilash uskunasini ishlab chiqarish maqsadida 100 million so‘m imtiyozli kredit olish istagini bildirdi. Bank bilan maslahatlashib, uning loyihasini qo‘llab-quvvatladik.

Shuningdek, Nukus shahrining boshqa mahallalarida bo‘sh binolarni tadbirkorlarga taqdim etib, ularning faoliyatini kengaytirishga yordam beryapmiz. Masalan, shaharning “Bayterek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Adilbek invest Nukus” MCHJ non va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasi faoliyati o‘rganildi. Binoning ikkinchi qavatidagi 100 kvadrat metr maydonda konditer mahsulotlari ishlab chiqarish uchun uskunalar o‘rnatilishi orqali 12 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik jamiyati binosida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashilib, 10 nafardan ortiq tadbirkor bilan individual tarzda suhbatlar o‘tkazildi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar aniqlandi.

Umuman olganda, ishchi guruh va ushbu hududning mas’ullari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlarimiz qisqa muddatda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

–Ishchi guruhning ikki oy davomida amalga oshirgan ishlari qanday natijalar berdi?

– Sentyabr-oktyabr oylarida ishchi guruh tomonidan 14 marotaba aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 847 ta tadbirkorlik sub’ektiga tijorat banklari orqali jami 16,2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 908 ta ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 642 nafar norasmiy band bo‘lgan fuqaroga ish o‘rinlari rasmiylashtirilib, rasmiy sektorga o‘tkazildi. 3 ming 893 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilishiga erishildi. Yana 409 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Faoliyati to‘xtab qolgan 345 ta tadbirkorlik sub’ekti muammolari hal qilinib, qayta tiklandi.

Shuningdek, soliq organlariga taqdim etilgan hisobotlarda tovar aylanmasini “nol” va ish o‘rnini bitta ko‘rsatgan 355 ta tadbirkorlik sub’ektidan hisobotlar qayta olindi.

– Ishchi guruhning galdagi asosiy rejalari nimalardan iborat?

– Qoraqalpog‘istonning barcha tuman va shaharlarida uchrashuvlar o‘tkazish rejamiz bor. Bu uchrashuvlarda har bir xonadonni doimiy daromad manbaiga ega qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va takliflar ustida ishlashni maqsad qilganmiz.

Har bir uchrashuv natijasiga ko‘ra, mahalliy aholi bilan muloqot qilib, ularning ehtiyoj va muammolarini o‘rganamiz. Samarali yechimlarini amalga oshiramiz. Bunday chora-tadbirlar orqali Qoraqalpog‘istonda aholini band qilish, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shamiz.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi