O‘monning “Ar-Raya” nashrida jurnalist Ibrohim Al-Hodiyning “O‘zbekiston parlamenti saylovida elektron ovoz berish orqali 20 millionga yaqin kishi ishtirok etdi” sarlavhali xabar e’lon qilindi.
Maqolada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimida shakllantirilgan Saylovchilar elektron ro‘yxatiga 19 944 859 fuqaro kiritilgani, bu yilgi saylov yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan, aralash tizim asosida o‘tkazilgani ta’kidlangan.
Ibrohim Al-Hodiy “Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tgan saylovda “E-saylov” axborot tizimi ishga tushirilishi muhim ahamiyat kasb etganiga ham to‘xtalgan. Ya’ni, bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniga, fuqarolar esa zarur axborot olishda ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lganini e’tirof etgan. Bir so‘z bilan aytganda, tizimning afzalligi to‘la namoyon bo‘lgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA