Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi delegatsiya Senatga tashrif buyurdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda S.Lebedev mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy tadbir – parlament saylovining demokratik tamoyillarga to‘laqonli mos ravishda shaffof va adolatli o‘tkazilganini ta’kidlab o‘tdi.

Mehmonlar O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar hamda qonunchilikdagi islohotlarni yuqori baholadi.

Davlatimizning MDH tashkiloti va unga a’zo mamlakatlar bilan faol muloqoti hamda tashabbuslar bilan ishtirok etishi qayd etilib, kelgusida ham iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

***

Senatda Pokiston Islom Respublikasi Senatining “Pokiston–O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari Sarmad Ali boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston va Pokiston davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib, bosqichma-bosqich kengayib borayotgani qayd etildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanishida parlamentlararo aloqalar muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan birgalikdagi parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA