Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Malayziya Xalqaro islom universiteti boshqaruv kengashi a’zosi Dato Shri Doktor Sed Hussein Al Habsheye va Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilham Tya bin Illiyas boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston tomonidan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligidagi mas’ullar ishtirok etdi.

Muhokama davomida Malayziya Bosh vazirining joriy yil may oyidagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosi, jumladan ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik va strategik sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, talabalar almashinuvi, ilm-fan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xorijiy tillar, turizm, islom moliyasi va halol ekotizim yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini kengaytirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA