Senat Raisi Tanzila Norboyeva Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi rahbari Duglas Ueyk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston qonunchilik faoliyatidagi yangiliklarga, o‘zgarishlarga va natijalarga urg‘u berildi. Ayniqsa, qonunlar ishlab chiqilishida va qayta ko‘rib chiqilishida inson huquqlarini ta’minlash tamoyili bosh mezon sifatida belgilab olingani alohida e’tirof etildi.

Muloqot davomida xotin-qizlarning davlat va jamiyatdagi, ayniqsa, siyosiy jarayonlarda faolligi oshgani hamda imkoniyati cheklangan shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi huquqiy me’yorlar joriy etilgani qayd etildi.

YeXHT vakillari tomonidan O‘zbekistonda qonunlar xalqaro standartlar asosida qabul qilinayotgani yuqori baholandi va mazkur yo‘nalishdagi taklif va tavsiyalar qizg‘in muhokama qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA