Telekommunikatsiya tarmoqlari texnologik yutuqlar va iste’molchilarning o‘zgaruvchan talablari ta’siri ostida jadal rivojlanmoqda. Bu borada mamlakatimizda har bir sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, chekka hududlarda telekommunikatsiya tizimlarining rivojlanishi telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish imkoniyatlarini yaratdi. Internet xizmatlari narxini arzonlashtirishda ijobiy natijalarga erishishga imkon berdi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish maqsadida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunni tayyorlashda telekommunikatsiya bozori rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi va amaliyoti chuqur tahlil qilingan.
Qonunda telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi regulyator va ushbu bozorni rivojlantirish siyosatini olib boruvchi davlat organlarining vazifalari aniq belgilangan.
Jumladan, qonunda tartibga soluvchi organga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatlarda telekommunikatsiya infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish vakolatlari berilmoqda. Ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirish, operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini ta’minlash ham shular jumlasidandir.
Shuningdek, tartibga soluvchi organning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sub’ektlariga yengillik berish bilan birga hukumatning iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bo‘yicha strategik dasturining muhim qismi bo‘lgan telekommunikatsiya sektorining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA