Oʻzbekiston va Oʻmon logistika, turizm va boshqa muhim sohalarda yangi loyihalar amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “Asyad Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Shayx Nosir Sulaymon Al-Xartiy boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara oʻtkazdi. Uchrashuvda Sultonlikning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir Al-Busaidiy ham ishtirok etdi.
“Asyad Group”ning koʻp qirrali faoliyatini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston – Oʻmon savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sherikligining keng doirasi koʻrib chiqildi.
Muloqot davomida Oʻmon tomoni faol sarmoyaviy ishtirok etishi mumkin boʻlgan foydalanilmagan soha va imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda yurtimizda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratilgani, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, logistika, koʻchmas mulk boshqaruvi, mehmonxona biznesi va turizm kabi sohalarda uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan, yuqori sof joriy qiymat koʻrsatkichiga ega loyihalar ishlab chiqish salohiyati mavjudligi taʼkidlandi.
Muzokara yakunida tomonlar sheriklikni rivojlantirish tarafdori ekanini tasdiqladilar. Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanib, hujjatda aksini topgan yangi tashabbuslarni amalga oshirish rejasi belgilab olindi.
M.Pirmatova, O‘zA