Islom hamkorlik tashkiloti Axborot agentliklari ittifoqi UNA-OIC “Arab tilida so‘zlashmaydigan IHTga a’zo davlatlar axborot agentliklarida arabcha mazmunni yaxshilash” mavzusida vebinar tashkil etdi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zAning arab tili bo‘yicha yetakchi muharriri Fathiddin Samariddinov agentligimiz haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi. Xususan, yangiliklar to‘qqiz tilda, jumladan arab tilida ham chop etilishi, bo‘lim 2010 yilda faoliyat boshlagani ma’lum qilindi.
O‘zA barcha hamkorlar, shuningdek Qirol Salmon nomidagi arab tili xalqaro akademiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilayotgani ta’kidlandi.
Arab dunyosini mamlakatimiz bilan yanada yaqinroq tanishtirish, ko‘rfaz hududini yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijobiy o‘zgarishlardan boxabar etish, o‘quvchilarni ishonchli axborot bilan ta’minlash asosiy maqsad etib belgilangani alohida qayd etildi.
– Jamoamiz jahonning yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlikni muntazam rivojlantirish, samarali axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida aholini xolis, haqqoniy axborot bilan tezkor ta’minlash imkoniyatini izchil kengaytirmoqda, – dedi F.Samariddinov. – Xususan, Ko‘rfaz davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani arab tilidagi axborotlarimizda ham yaqqol aks etmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA