Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida davlat boshqaruvi va davlat xizmati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan “Uzbekistan Government Quality Award 2024” dasturining 2-sikli natijalarini taqdim etishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda BAAning oliy martabali delegatsiyasi, jumladan, dasturning hakamlar hay’ati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish va Strategik islohotlar agentliklari rahbariyati hamda mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Vakillar o‘z nutqida davlat xizmatini ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida ikki tomonlama hamkorlik tobora kengayib borayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng dastur natijalari ma’lum qilindi. Unda loyiha to‘liq raqamlashtirilgani, mutaxassislar bir necha bor vazirliklarda seminarlar o‘tkazgani, 3 ta yangi – HR, yosh davlat xizmatchisi va ayol davlat xizmatchilari kategoriyalari ta’sis etilgani ma’lum qilindi.
Taqdim etilgan tavsiyalar dasturda qatnashgan har bir vazirlikda chuqur tahlil qilinishi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida oldinga qo‘yilgan vazifalarning ijrosini sifatli ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muloqot davomida “O‘zbekiston davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash” dasturining 2-sikli g‘oliblarini taqdirlash marosimini o‘tkazish muddati bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova, O‘zA