O‘zbekistonda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya faoliyat yuritmoqda.
Komissiya sa’y-harakatlari bilan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash, qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarini ratifikatsiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur komissiya majburiy mehnat bilan bog‘liq murojaatlar, holatlarga ham o‘z vaqtida munosabat bildirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda paxta yig‘im-terimiga chiqmagan fuqarolarga nafaqa puli to‘lanmasligi, shu bilan birga, maktab o‘qituvchilarining paxta yig‘im-terimi ishlariga odam chiqarishga majburlanishi bilan bog‘liq tarqalgan xabarlardagi holatlar Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi.
Mazkur holatlar zudlik bilan o‘rganiladi hamda mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi. Zotan, paxta yig‘im-terimi bilan bog‘liq majburlov choralariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Komissiya shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda 1282 yoki 1092 qisqa raqamlariga yoki @munosibmehnat_bot telegram boti orqali murojaat qilishingizni so‘raydi.
N.Abduraimova, O‘zA