Yaqinda Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” gazetasida “O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar rossiyalik sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda” nomli maqola e’lon qilindi.
Muallif Liliya Sokolnikovaning yozishicha, O‘zbekistonga sayohat – bu taassurotlar, tarix bilan yuzlashish, betakror gastronomiya va salomatlik uchun imkoniyatdir. Sayohat davomida qariyb uch ming yillik shaharga borishingiz, dunyodagi eng mazali non va palovni tatib ko‘rishingiz mumkin.
“Shuncha taassurot olish uchun dunyoning yarmini kezib, millionlab pul sarflash kerak, deb o‘ylaysizmi, unday emas. Siz O‘zbekistonga albatta borishingiz shart. Kuz – bu mamlakatga sayohat qilish uchun ajoyib vaqt. Bu faslda qadimiy shaharlar bo‘ylab sayr qilish yoqimli”, -deyiladi maqolada.
Shuningdek, nashrda ko‘plab gastronomik va boshqa festivallarda ishtirok etish orqali o‘zbek oshxonasi bilan tanishish imkoniyati mavjudligi ham ta’kidlangan.
O‘.Alimov, O‘zA