O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari va Buyuk Britaniyadagi “Harrow School” tashkilotining Osiyodagi xalqaro maktablari – “AISL Harrow Schools” loyihalar bo‘yicha direktori Deyzi Xo o‘rtasida onlayn muzokara bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning qirollikdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuv avvalida xorijiy tomon Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng-ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirildi.

Janob Xo ham o‘zi faoliyat olib borayotgan jamoa haqida batafsil ma’lumot berib, O‘zbekistonda ham bo‘lim ochishga qiziqish bildirdi.

Muloqot yakunida 15-17 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo ta’lim forumida “AISL Harrow Schools” vakillari ishtirokini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1572 yil Qirolicha Yelizaveta I tashabbusi bilan ochilgan “Harrow” maktabi Iton kolleji kabi o‘quvchilarni dunyoning yetakchi oliygohlariga tayyorlab beradigan eng nufuzli bilim dargohi hisoblanadi. Ushbu ta’lim maskani bitiruvchilari orasida ko‘plab sobiq bosh vazirlar, jumladan Uinston Cherchill, Javoharla’l Neru, Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqalar bor.

1998 yil tashkil etilgan “AISL Harrow Schools” esa “Harrow” maktabining Osiyodagi xalqaro o‘quv dargohlarini boshqaradi. Hozir Xitoy, Yaponiya va Tailandda tuzilmaning 13 maktabi mavjud.