Tojikiston poytaxti Dushanbeda dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatining so‘nggi kunida jamoalar o‘rtasidagi musobaqalar O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechdi.

Musobaqalar aralash jamoaviy tarzda tashkil etildi. O‘g‘il bolalar -73, -90, +90 kilogrammda, qizlar -57, -70 va +70 kilo og‘irlikda bellashdi. Dunyoning eng kuchli 15 ta jamoasi ishtirokidagi murosasiz bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari avvaliga Xitoyni 4:2 hisobida taslim etdi. Chorak finalda Yaponiya terma jamoasiga 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bronza medali yo‘lidagi o‘tish bahsida hamyurtlarimiz Turkiya terma jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi.

Bronza medali uchun kechgan bahsda esa yoshlarimiz Ozarbayjonni 4:2 hisobida dog‘da qoldirgan tarzda bronza medaliga musharraf bo‘ldi. Ikkinchi bronza medalini esa Janubiy Koreya jamoasi qo‘lga kiritdi.

Jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Fransiyani mag‘lubiyatga uchratgan Yaponiya yosh dzyudochilariga oltin medallar nasib qildi.

Jahon chempionatida vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan terma jamoamiz a’zolari bugun yurtimizga qaytib keladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA