“Eng yaxshi milliy kontent” respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi

401

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan internet nashrlari jurnalistlari hamda ijtimoiy tarmoq faollari (blogerlar) uchun e’lon qilingan “Eng yaxshi milliy kontent” respublika tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. X.Salimov bugungi kunda mamlakatimiz axborot makonini mukammal, ishonchli, puxta xabarlar bilan to‘ldirish, milliy kontentni muttasil boyitib borish va bu boradagi ishlarni tobora takomillashtirish muhim ekanini ta’kidlab, mazkur tanlovni tashkil etish va unga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni haqida qisqacha ma’lumot berdi.

X.Salimovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovda ishtirok etib, “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘olib chiqqan.

Joriy yilda mazkur loyiha doirasida Uyushma tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bolalarning yosh toifasidan kelib chiqqan holda 10 nomdagi kitoblar nashrga topshirildi. Uyushma axborot xizmati xodimlari tomonidan ularning audio varianti tayyorlanmoqda. “Eng yaxshi milliy kontent” tanlovi ham ana shu loyiha doirasida o‘tkazilmoqda.

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024 yil yanvar oyi avvalida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida milliy kontentni boyitish borasida soha mas’ullari oldiga muhim vazifalar qo‘ygan edi.

“Eng yaxshi milliy kontent” tanlovi yo‘nalishini belgilashda ushbu vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Tanlov ikkita yo‘nalish – Internet jurnalistikasi va Blogerlik faoliyati bo‘yicha o‘tkazildi.

Tanlovga internet nashrlari jurnalistlari hamda ijtimoiy tarmoq faollari (blogerlar)dan quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ijodiy ishlar qabul qilindi: 

Internet jurnalistikasi bo‘yicha “Kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallar uchun”, “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan eng yaxshi materiallar uchun”, “Internet tarmog‘ida e’lon qilingan eng yaxshi milliy kontent uchun”, “Dolzarb mavzulardagi eng yaxshi tanqidiy-tahliliy materiallar uchun” nominatsiyalari ta’sis etildi.

Blogerlik faoliyati bo‘yicha “Bolalarni kitobxonlikka qiziqtirgan blog-postlari uchun”, “Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar tarbiyasiga oid e’lon qilingan materiallari uchun”, “Milliy urf-odat va an’analarimiz aks etgan eng yaxshi materiallar uchun”, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida milliy kontentni ko‘paytirishga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyalariga materiallar topshirildi.

Tanlovda 100 nafarga yaqin internet nashrlari jurnalistlari va ijtimoiy tarmoq faollari – blogerlar o‘z ijodiy ishlarini, blog-postlarini elektron shaklda taqdim etdi. Hakamlar hay’ati a’zolariga ularning ichidan g‘oliblarni aniqlash oson bo‘lmadi.

Shuni ham aytish kerakki, hakamlar hay’atining taklifiga binoan tanlovning asosiy nominatsiyalaridan tashqari, Uyushma tomonidan rag‘batlantiruvchi — “Milliy kontentni boyitishga qo‘shgan hissasi uchun” qo‘shimcha nominatsiyasi ham joriy etildi.

Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar shaklan va mazmunan rang-barang bo‘lib, ularda milliy manfaatlarimizni ko‘zlagan tarzda yurtimiz va dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga xolis baho berish, Yangi O‘zbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali ularning ongu tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiluvchi milliy kontent yaratishga harakat qilingan.

Shuningdek, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tanlov ishtirokchilari tomonidan e’lon qilingan materiallarda bugunning dolzarb masalasiga aylangan, barchani jiddiy mushohadaga chorlaydigan, qolaversa, mustaqillikni mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, milliylikni ulug‘lashga xizmat qiladigan muhim mavzular ta’sirchan tarzda yoritilgan.

Mazkur tanlov g‘oliblari safida Internet jurnalistikasi yo‘nalishida “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan eng yaxshi materiallar uchun” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zA xalqaro axborot tahririyati bosh muharrir o‘rinbosari O‘tkir Alimovning ham borligi quvonarli.

Tantanali tadbirda g‘oliblar diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbiri