Yangi O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlarga ega mamlakat

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruvchilar kengashining IX yillik yig‘ilishi doirasida “Yangi O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlarga ega yirik mamlakat” sessiyasi hamda resurslarni safarbar qilish bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonlari, tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay muhit, investitsiyaviy salohiyat haqida so‘z yuritdi. Uning qayd etishicha, 2030 yilga borib iqtisodiyotning 85 foizi xususiy sektor tomonidan yaratilishiga erishish, energiyaning 40 foizini qayta tiklanadigan manbalar hisobidan ishlab chiqarilishini ta’minlash, mehnat natijadorligini ikki barobarga oshirish, eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, L.Qudratov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va sarmoyaviy islohotlarni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun xorijlik hamkorlar, xalqaro moliya tashkilotlari vakillariga minnatdorlik bildirdi.
– O‘zbekiston o‘zgarib bormoqda va siz bu yo‘lda bizning hamkorlarimizsiz, – dedi L.Qudratov. – Sizning qo‘llab-quvvatlashingiz, maslahatingiz va sarmoyangiz keyingi o‘n yilda katta yutuqlarga erishishimizga yordam beradi. Bugun biz sizlar bilan Samarqandda uchrashib, asrlar davomida bu buyuk shahar belgilab kelgan savdo, xalqaro munosabatlar va innovatsiyalar an’analarini davom ettirmoqdamiz.
Sessiyada, shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki rahbari Szin Litsyun, Jahon banki guruhi boshqaruvchi direktori va bosh ma’muriy direktori Venkay Chjan, yirik xalqaro investor va ekspertlar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. Bu borada davlatimiz bilan hamkorlik qilish, qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tadbirning “Resurslarni safarbar qilish bo‘yicha xalqaro forum” deb nomlangan ikkinchi qismida xalqaro donorlar va investitsiya fondlari bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xalqaro ekspertlar, nufuzli xalqaro bank va jamg‘armalar hamda mamlakatimiz hamkorlarining O‘zbekistonda sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr va mulohazalari tinglandi.
Forum doirasidagi boshqa sessiyalarda ham bugungi sharoitda bank ishtirokchi davlatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va infratuzilmani rivojlantirish orqali aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarning salbiy oqibatlarini yumshatish va buning ta’sirini kamaytirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari