MDH Parlamentlararo Assambleyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

502

Bugun Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ushbu missiyaning uzoq muddatli kuzatuvchilari — MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi bosh kotibi maslahatchisi S.Karavayev hamda MDH PA ishtirokchi davlatlarda demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DRMXI) ekperti S.Tkachenko ishtirok etdi.

Muloqotda Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev MDH Parlamentlararo Assambleyasi bilan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. MDH PA Markaziy saylov komissiyasining Hamdo‘stlik mamlakatlari bo‘yicha saylov sohasidagi hamkorlaridan biri bo‘lishi bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni monitoring qilish va uning natijalari bo‘yicha muhim tavsiyalar berishda ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Qayd etilganidek, saylovning huquqiy asoslarini takomillashtirishda xalqaro tashkilotlar, saylovni kuzatish missiyalari, xususan, MDH PAning tavsiyalarini milliy qonunchiligimiz va amaliyotimizga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uchrashuvda joriy yil 27 oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

Bu yilgi saylovlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish mumkinligi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘z navbatida, missiya vakillari bo‘lajak saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga muvaffaqiyat tiladi.

Missiya vakillari bilan kechgan muloqot konstruktiv va samimiy ruhda o‘tdi.

Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA