Qatar moliya vaziri O‘zbekistonda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida ishtirok etayotgan Qatar moliya vaziri Ali bin Ahmad Al-Quvariy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani ushbu arab davlati yetakchi QNA axborot agentligi sahifalarida yoritildi.
Maqolada savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi muhokama qilingani, “yashil” energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, infratuzilmani rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarda yangi loyihalar ilgari surish muhimligi e’tirof etilgani ta’kidlangan.
Muallif yil yakuniga qadar Doha shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forum o‘tkazilishi, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilganiga urg‘u bergan.
QNA Samarqandda o‘tayotgan nufuzli anjuman doirasida qatarlik mulozim Hindiston moliya vaziri Nirmala Sitxaraman xonim bilan uchrashganini ham yozgan. Suhbat chog‘ida iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish yo‘llari ko‘rib chiqilib, hamkorlikning boshqa turli jihatlari tahlil qilingan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA