YeXHT DIIHB hamda MDHning saylovni kuzatish missiyasi vakillari bilan uchrashuv

469

Shu yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan ushbu muhim siyosiy tadbirga xalqaro kuzatuvchilarning ham qiziqishi yuqori.

Bugun, 25 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining (MDH) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas, byuroning saylovlar bo‘yicha tahlilchisi Teylor Kris Djon hamda missiya ekspertlari Rija Dorota va Kaxa Inaishvili bilan muloqot olib bordi.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasiga Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Bosh kotibi o‘rinbosari Denis Trefilov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi Missiya shtabi rahbari Yevgeniy Kozyak tashrif buyurdi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev saylovga tayyorgarlik jarayonlari hamda saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgarish va yangiliklar xususida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari bo‘yicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xalqaro tashkilotlar saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari bo‘yicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni O‘zbekistonda saylov va referendum qonunchiligini yanada takomillashtirish, saylov va referendum amaliyoti samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotgani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, muloqotda joriy yil 27 oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, siyosiy partiyalarning nomzodlari ro‘yxatga olingani qayd etildi. Milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

Saylov kampaniyasi jarayonlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotgani, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oshkoralik berish maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar eng avvalo saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, missiyalar vakillari O‘zbekiston saylov tizimidagi yangiliklarni e’tirof etib, missiya faoliyati haqida ma’lumotlar berdi.

Tomonlar o‘rtasida olib borilgan muloqotlar konstruktiv va samimiy ruhda o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida bu kabi muloqotlarga doim tayyor va ochiq ekani bildirib o‘tildi.

Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA