Nirmala Sitxaraman O‘zbekistonda
Hindistonning “Shabdsangram” (so‘zlar jangi) nashri ushbu mamlakat moliya vaziri Nirmala Sitxaraman boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelganini yoritdi.
Maqolada martabali mehmon O‘zbekiston, Qatar va Xitoydan kelgan hamkasblari hamda OIIB prezidenti bilan muhim ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgani ta’kidlangan.
– Vazir mazkur nufuzli anjumanda Bankning Hindiston bo‘yicha gubernatori sifatida ishtirok etmoqda, – deb yozgan nashr. – Mamlakatimiz ushbu yirik xalqaro moliyaviy tuzilmaning ikkinchi yirik aksiyadori. Ko‘p tomonlama muhokamalarda rivojlanish kun tartibi bilan bog‘liq keng ko‘lamli muhim global masalalar ko‘tariladi.
Sitxaramanning tashrifi dasturidan Samarqand davlat universitetiga borish, Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri yodgorligini ziyorat qilish, shuningdek turli sohalar bo‘yicha yetakchi hindistonlik muhojirlar bilan muloqot qilish ham o‘rin olgani qayd etilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA