Xiva shahridagi Ichan-qal’a me’moriy yodgorligida yoshlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv biznes marafon o‘tkazildi. Ko‘hna ark majmuasida tashkil etilgan marafon mamlakatimizning 6 nafar muvaffaqiyatli tadbirkorlari bilan yoshlarning sohaga oid fikrlar almashish, biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun maslahatlar olish muhitini yaratdi. Marafonga yig‘ilgan 500 nafardan ortiq ishtirokchilar har bir spiker chiqishini ishtiyoq bilan qarshi oldi.
– Bundan uch yil avval, Xiva shahridan turib biznes marafonning birinchi mavsumiga start bergan edik, – deydi tadbirkor Muhammadali Eshonqulov. – Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning biznes g‘oyalari va loyihalarini hayotga tatbiq etishlariga ko‘mak berish maqsadida 2021-2023 yillar davomida Respublikamizning barcha hududlarida to‘rt mavsumdan iborat “Biznes Marafon” loyihasi tashkil etildi. Loyihaning 5-mavsumini ham yana shu yerdan boshlamoqdamiz.
Yurtimiz va xorijda muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot shaklida o‘tkazib kelinayotgan marafonning o‘tgan to‘rt mavsumida 110 ming nafardan ziyod yoshlar bevosita ishtirok etgan bo‘lsa, 9 millionga yaqin yoshlar “onlayn” tarzda kuzatib bordi.
Loyiha davomida faol ishtirok etgan yoshlarga biznes va shaxsiy rivojlanishga oid “Bestseller”, xususan, 3 ming dona bosma kitoblar tarqatildi, 24 ming nafar yoshlarga esa mobil ilova orqali elektron va audio shaklda kitoblar taqdim etildi. An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan marafon davomida ishtirokchilar biznesni qanday boshlash, xatarlarni boshqarish, raqobat muhitida bozorda o‘z o‘rnini topish, xodimlar bilan ishlashdagi usullar, ruhiy va iqtisodiy bankrotlik, biznesdagi barqarorlikka erishish, investitsiya kiritish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi savollarga javob oldi.
– Bu yerdagi spikerlar bilan bizning hech qanaqa moliyaviy manfaatdorligimiz yo‘q, – deydi Xayrulla Sattorov “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori. – Tajribali tadbirkorlarimiz endilikda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga motivatsiya berishni burchlari deb biladi. Bu yilgi marafonda ishtirokchilar tomonidan eng ko‘p yo‘llangan savollar ta’lim yo‘nalishida tadbirkorlik qilish bo‘yicha bo‘ldi. Bundan anglash mumkinki, ushbu sohada xususiy sektor vakillariga ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda.
– Mamlakatning kelajagi, yosh avlodning tarbiyasi bilan bog‘liq. Shu bois yurtimiz aholisining katta qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlardan iborat ekanligini inobatga olgan holda, ularni qo‘llab-quvvatlash tizimni yanada takomillashtirish, tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarni rag‘batlantirish, munosib daromad olish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Men ushbu marafonning hammasida qatnashib kelmoqdaman, – deydi xorazmlik yosh tadbirkor Hikmatullo Baxtiyorov. – Bu tadbirdan juda katta motivatsiya oldim. Biznes ustozlarim bilan doimo maslahatlashib turaman. Hozirgi kunda o‘zimning ham IT tadbirkorlik sohasida biznesim mavjud. Bugungi kunda o‘zim kabi o‘nta yoshni ish bilan ta’minlaganman. Kelgusida ularning sonini ikki barobarga oshirish niyatim bor.
Xorazm viloyatida start olga biznes marafonning 5-mavsumi Nukus shahridagi “Oqqush” me’morchilik kompleksida davom etdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari.